Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Hadis >“Yolg‘izning yori shayton” hadisini qanday tushunamiz?

“Yolg‘izning yori shayton” hadisini qanday tushunamiz?

Nashr sanasi: August 7, 2026

Savol :

Ustoz, men Rossiyaning qishloq joyida yashab ishlayman. Kechasi yolg‘iz o‘zim turaman. “Shayton yolg‘iz kishi bilan bo‘ladi”, degan ma’nodagi hadisni eshitdim.

Bir tomondan, shariat ilmlarini o‘rganishga qulay holatdaman. Ikkinchi tomondan esa nafsimda sustkashlik sezaman. Lekin darslar eshitsam, yaxshilanaman. Yolg‘izlikda yashashim afzalmi yoki yo‘qmi? Yolg‘izlikning foyda va zararlarini shar’iy tomondan qanday o‘lchash mumkin?

Yuqoridagi hadisni qanday tushunish kerak?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Umumiy holatda payg‘ambarlarning yo‘liga qarasak, odamlar bilan aralashib yashash afzal.

 Bismillah,

Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin

Hadisda Rasululloh ﷺ: “Yolg‘iz odam bilan shayton, ikki kishi bilan ikki shayton bo‘ladi. Uch kishi bo‘lsa, bu jamoat hisoblanadi”, deganlar.

Bu hadis qaroqchilar ko‘p bo‘lgan, musulmonlar zaif bo‘lgan davrda aytilgan. Rasululloh ﷺ musulmonlarni yolg‘iz safar qilishdan qaytarganlar. Demak, hadisning ma’nosi o‘sha holatga tegishli.

Agar omonlik bo‘lsa, fitna bo‘lmasa, yolg‘iz yotgan odamga qaroqchilar yoki boshqa xavf tug‘ilmasa, yolg‘iz yashashning o‘zi harom emas.

Masalan, Abu Zar roziyallohu anhu haqida Rasululloh ﷺ: “Abu Zar yolg‘iz yashaydi, yolg‘iz vafot etadi va Qiyomat kuni ham yolg‘iz tiriltiriladi”, deganlar. Tarixda ham uzlatni tanlab, yolg‘iz ibodat bilan umr o‘tkazgan kishilar bo‘lgan.

Shuning uchun bu hadisga asoslanib: “Yolg‘iz yashash harom, chunki shayton yolg‘iz odam bilan bo‘ladi”, deb bo‘lmaydi. Agar holat shuni taqozo qilsa, inson yolg‘iz yashashi mumkin.

Yolg‘izlikning foyda va zarariga kelsak, bunga bitta qoida bilan javob berib bo‘lmaydi.

Ba’zan insonning sharoiti shunday bo‘ladiki, yolg‘iz yashashga majbur bo‘ladi. Ba’zi odamlarning fe’l-atvori ham boshqalar bilan chiqisha olmaydigan bo‘ladi. Abu Zar roziyallohu anhu ham Shomda odamlar bilan kelisha olmaganlari uchun Madinaga chaqirilganlar. Keyin Madinada ham ayrim masalalarda kelishmovchiliklar davom etgach, Usmon roziyallohu anhu u kishiga Rabaza degan joyda yashashni tavsiya qilganlar. U zot o‘sha yerda yolg‘iz umr kechirganlar.

Demak, ba’zi hollarda uzlat inson uchun foydali bo‘lishi mumkin.

Lekin aslida inson odamlar bilan birga yashash uchun yaratilgan.

Masalan, uylanish sunnat. Yolg‘iz yashayotgan odam uylanmasa, bu sunnatdan uzoqlashib qolishi mumkin. Uylangandan keyin xotinning haqqi, farzandlarning haqqi, ota-onaning haqqi, qarindosh-urug‘larning haqqi, qo‘ni-qo‘shnining haqqi kabi mas’uliyatlar paydo bo‘ladi.

Yana jamoat namozi, Juma namozi, musulmonlarning hayitlari, amr-ma’ruf va nahiy munkar, ilm o‘rganish va ilm o‘rgatish kabi ko‘plab shar’iy vazifalar odamlar bilan birga bo‘lishni talab qiladi.

Agar bir odam yolg‘iz uyda yashasa, lekin jamoat namozlariga qatnasa, Jumaga borsa, musulmonlar bilan aloqani uzmasa, buning zarari yo‘q.

Uylanmagan bo‘lsa, buning ham o‘ziga yarasha sabablari bo‘lishi mumkin: sog‘ligi, moddiy ahvoli yoki boshqa uzrlari.

Shuning uchun hammaga bir xil hukm berib bo‘lmaydi.

Ba’zan uzlat foydali bo‘ladi. Ammo aksar hollarda odamlar bilan aralashish foydaliroqdir. Chunki shariat hukmlarining aksariyati jamoat hayotiga bog‘liq.

Shariatga qarasangiz, jamoat namozi bor, da’vat bor, ota-onaning haqqi bor, farzandning haqqi bor, xotinning haqqi bor, qarindoshlarning haqqi bor, amr-ma’ruf va nahiy munkar bor. Bularning ko‘pi odamlar bilan aralashishni talab qiladi.

Shuning uchun umumiy holatda yolg‘izlikdan ko‘ra odamlar bilan aralashishning foydasi kattaroq.

Lekin Rasululloh ﷺ aytganlar:

“Shunday zamon keladiki, mo‘minning eng yaxshi moli tog‘larning cho‘qqilarida boqadigan qo‘ylari bo‘ladi. U dini bilan fitnalardan qochadi.”

Ya’ni shunday fitnali davrlar keladiki, inson dinini saqlash uchun odamlardan chetga chiqib yashashi afzal bo‘lib qoladi.

Agar inson odamlar orasida dinini saqlay olmasa, fitnaga tushishidan qo‘rqsa yoki zolimlarning zulmidan xavfsirasa, bunday holatda chetroqqa chiqib, dinini asrab yashashi joiz bo‘ladi.

Lekin bugungi kunda imkon boricha musulmonlar bilan birga bo‘lish foydaliroq. Chunki bunda ajr ko‘proq bo‘ladi. Inson boshqalarni isloh qilish uchun ham odamlar orasida bo‘lishi kerak.

Payg‘ambarlar alayhimussalomning hayotiga qarang. Ular yolg‘iz yashamaganlar, balki xalq ichida yashaganlar. Hatto ular qishloq chekkalariga emas, balki shaharlarning markazlariga yuborilganlar va umrlarining oxirigacha Allohning risolatini yetkazish bilan mashg‘ul bo‘lganlar.

Mana shu payg‘ambarlarning yo‘lidir.

Shuning uchun inson tirik ekan, Alloh yo‘lida xizmat qilishi, savob ishlarni ko‘paytirishi kerak.

Agar bunga imkon bo‘lmay qolsa, dinini saqlash uchun uzlatni tanlashi ham joiz bo‘ladi.

Sizning aynan qanday holatda ekaningizni bilmayman. Shuning uchun umumiy javob shuki:

Umumiy holatda payg‘ambarlarning yo‘liga qarasak, odamlar bilan aralashib yashash afzal.

Ammo xos holatlarda, dinini saqlash yoki fitnadan qochish zarur bo‘lsa, chetroqda yolg‘iz yashash ham joiz bo‘ladi.

Vallohu a’lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

1

  • Ayol uyidan boshqa joyda ro‘molini yechishi joiz emasmi?

    August 7, 2026
  • Shahidlikka sabab bo‘luvchi amallarni aytib bering.

    July 31, 2026
  • Qamchisi sigir dumidek toifa kimlar?

    July 31, 2026
  • Erkak kishi kiyim almashtirayotganida avrati behos ko‘rinib qolishi.

    July 15, 2026
  • “Birodarlarimni ko‘rsam edi” hadisi sahihmi?

    July 14, 2026
  • “Erning qarindoshlari o‘limdir” hadisi sharhi.

    July 14, 2026