Ustoz, siz bir ma’ruzalaringizda qiz bola turmushga chiqmasdan vafot etsa, unga shahidlik ajri beriladi, degan edingiz. Inson shahid sanalishi uchun tavhid ahlidan bo’lishi shartmi? Shahidlikka sabab bo’ladigan amallarni aytib bersangiz.
Shahidlikka sabab bo‘luvchi amallarni aytib bering.
Savol :
Bu haqda hadis kelgan. Abu Dovud va Imom Molik rivoyat qilgan hadisda Rasululloh ﷺ bir qancha holatlarni sanab o’tganlar.
Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin
Bu haqda hadis kelgan. Abu Dovud va Imom Molik rivoyat qilgan hadisda Rasululloh ﷺ bir qancha holatlarni sanab o’tganlar. Bu savolning oxiridagi savolga ham javob bo’ladi.
Shulardan qorin kasalligidan o’lgan odam shahid, vaboda o’lgan odam shahid, suvda cho’kib o’lgan odam shahid, devor bosib qolib o’lgan odam shahid, deb aytganlar.
Boshqa hadisda zatul-janb kasali bilan, ya’ni o’pka kasalligi bilan vafot etgan odam ham shahid, deb kelgan.
Ibn Hajar rahimahulloh mana shu sabablarning hammasini jamlab, 20 tadan ortiq shahidlik sabablarini zikr qilganlar.
Bu sabablarning umumiy ma’nosi shuki, inson o’zining tabiiy ajali bilan emas, balki shunday musibatlar sababli vafot etsa, masalan, devor bosib qolsa, suvga cho’ksa, yonib ketsa yoki baland joydan qulab vafot etsa, bunday holatlar shahidlik ajriga sabab bo’ladi.
Hozirgi kunda, masalan, avtohalokatlarda vafot etganlarni ham shunga qiyos qilish mumkin.
Va o’shalardan biri ayol kishining tug’ruq paytida vafot etishi hamdir. Hadisda “zatul-jam’” lafzi kelgan bo’lib, ulamolar buni tug’ruq holatida vafot etgan ayol, deb tafsir qilganlar.
Ba’zi hadis sharhlovchilari esa bu lafzni: bokira holatda, turmushga chiqmasdan vafot etgan qiz ma’nosida ham sharhlaganlar.
Lekin sahihroq tafsir — homiladorlik yoki tug’ruq paytida vafot etgan ayol, degan ma’nodir.
Shu haqida ulamolar aytadilarki, bu holatlar bilan vafot etgan kishining ham shartlari bor. Sharti shuki, inson ma’siyat holatida bo’lmasligi kerak.
Masalan, bir odam qaroqchilik qilish uchun kemaga chiqib, cho’kib ketgan bo’lsa, u shahid bo’ldi, deyilmaydi. Yoki ayol zino natijasida homilador bo’lib, tug’ruq paytida vafot etsa, unga ham shahid hukmi berilmaydi. Chunki bu homila ma’siyat natijasida hosil bo’lgan.
Demak, hozir aytilgan sabablarning barchasida inson ma’siyat ustida bo’lmasligi shart.
O’zi shahidlik degani — Alloh beradigan ulug’ maqom va ajrdir.
Shahidlikning eng oliy darajasi — Allohning kalimasi oliy bo’lishi uchun jonini fido qilgan kishining shahidligidir.
Rasululloh ﷺ aytdilar:
«مَنْ قَاتَلَ لِتَكُونَ كَلِمَةُ اللَّهِ هِيَ الْعُلْيَا فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللَّهِ»
“Kim Allohning kalimasi oliy bo’lishi uchun jang qilsa, u Alloh yo’lidadir.”
Ulamolar aytadilarki, bu masalada asl andoza — Uhud shahidlaridir.
Shahidlar uch xil bo’ladi.
Birinchisi — dunyo va oxirat shahidi. Bular Allohning kalimasini oliy qilish yo’lida halok bo’lgan kishilar. Ular haqidagi barcha fazilatlar, gunohlarining kechirilishi, shahidlik martabalari va va’da qilingan ne’matlar shular uchundir.
Ikkinchisi — dunyoda shahid, oxiratda esa shahid emas. Bu riyo yoki boshqa dunyoviy maqsad bilan jang qilgan kishidir. Odamlar uni shahid deb biladilar, lekin Alloh uning qalbidagi niyatni biladi.
Uchinchisi — oxirat shahidi. Bular dunyoda oddiy musulmon kabi yuviladi, kafanlanadi va janozasi o’qiladi. Lekin Alloh taolo ularga oxiratda shahidlarning ajrini beradi.
Mana shular jumlasiga:
- devor bosib qolgan;
- qorin kasalligidan vafot etgan;
- vaboda o’lgan;
- tug’ruqda vafot etgan ayol;
- yoki boshqa tafsirga ko’ra, turmushga chiqmasdan vafot etgan bokira qiz;
- baland joydan qulab vafot etgan kishi;
va Ibn Hajar rahimahulloh zikr qilgan yigirmadan ortiq sabablar kiradi.
Lekin ularga dunyoda shahid hukmi berilmaydi. Ya’ni jang shahidlari kabi yuvilmaydi yoki boshqa maxsus hukmlar tatbiq qilinmaydi.
Savolda yana: “Shahid bo’lish uchun tavhid ahlidan bo’lishi kerakmi?” deb so’ralgan.
Albatta, musulmon, tavhid ahli bo’lishi kerak.
Shuningdek, shahidlikka monelik qiladigan narsalar ham bor.
Masalan, Rasululloh ﷺ aytganlar: agar kishi Alloh yo’lida o’ldirilgan bo’lsa ham, g’animatdan o’g’irlagan bo’lsa, unga shahidlikning to’liq ajri berilmaydi.
Yoki zimmasida odamlarning haqlari, qarzlari bo’lsa, bunga ham e’tibor beriladi.
Shuningdek, yuqorida aytilgan holatlarda ham inson ma’siyat ustida bo’lmasligi kerak.
Masalan, o’g’irlik qilish uchun tomga chiqib, qulab o’lsa, unga: “Balanddan qulab o’ldi, demak shahid”, deyilmaydi. Chunki u ma’siyat ustida vafot etgan.
Lekin bu, umuman gunoh qilmagan bo’lishi kerak, degani emas. Har bir mo’min gunoh qilishi mumkin. Muhimi, aynan vafot etayotgan holatida ma’siyat ustida bo’lmasligidir.
Masalan, bir odam g’iybat qilib yurgan bo’lsa, keyin boshqa bir sabab bilan shahidlik ajriga sabab bo’ladigan holatda vafot etsa, oldingi g’iybati uning shahidligiga monelik qilmaydi.
Eng muhimi, Alloh taolodan shahidlikni so’rash kerak. Agar inson chin dildan shahidlikni so’rasa, Alloh taolo unga shahidlarning maqomini berishini umid qilamiz.
Vallohu a’lam.
Shayx Sodiq Samarqandiy
Maqola foydali bo’ldimi?