Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Har xil >Inson ajalini oldindan sezishi mumkinmi?

Inson ajalini oldindan sezishi mumkinmi?

Nashr sanasi: April 13, 2026

Savol :

Ustoz, yoshim 20 da. Yetti-sakkiz oydan beri yaqinda ajalim yetib vafot etaman deb o‘ylayveradigan bo‘lib qoldim.

Ko‘pincha kechalari shunaqa vahima bosadi. Ko‘p marta tushimda ham ko‘rganman. Gohida ko‘zim ochiq bo‘lsa ham alahsirab o‘rnimdan turib ketaman. Savolim shuki, inson o‘z o‘limini oldindan sezishi mumkinmi? Ya’ni Alloh taolo bandasiga ajalini oldindan bildirib qo‘yishi mumkinmi?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Hech kim o‘z o‘limi vaqtini bilmaydi; bu qo‘rquv vasvasa bo‘lib, uning davosi — Allohga tavakkal qilib, tavba va solih amallarni ko‘paytirishdir.

Bismillah,

Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.

Yo‘q, hech kim o‘zining o‘limi qachonligini bilmaydi. Alloh taolo aytganidek:

“وَمَا تَدْرِي نَفْسٌ مَّاذَا تَكْسِبُ غَدًا وَمَا تَدْرِي نَفْسٌ بِأَيِّ أَرْضٍ تَمُوتُ”

Hech bir jon ertaga nima qilishini ham, qayerda o‘lishini ham bilmaydi.

Ya’ni inson ertaga nima qilishini bilmaydi, ertaga o‘lishini ham bilmaydi, qachon o‘lishini ham bilmaydi. Bu Alloh taolo odamlardan yashirib qo‘ygan g‘ayb ilmidir.

To‘g‘ri, har birimizning ajalimiz belgilangan. O‘sha vaqtga yetib bormaguncha hech kim bizni o‘ldira olmaydi. O‘sha vaqtga yetib borsak, hech kim bizni olib qola olmaydi. Bu narsada shoh ham, gado ham, olim ham, johil ham, erkak ham, ayol ham — hamma bir xil.

Kimga bir kun umr berilgan, kimga bir soat, kimga undan ham kamroq, kimgadir 100 yil, kimgadir 150 yil umr berilgan. Har kim o‘ziga belgilangan umrni yashaydi. O‘sha umrdan bir soniya ham kam ham bo‘lmaydi, ko‘p ham bo‘lmaydi. Bunga iymonimiz komil.

Rizqlar ham belgilangan. Undan bir zarra ham ko‘p yeyolmaysiz, kam ham yeyolmaysiz. Rizqingizni tashlab ham keta olmaysiz. Ommada aytiladi: “Ajalidan besh kun oldin o‘lib ketdi”, deb. Yo‘q, hech kim ajalidan oldin o‘lmaydi — bir lahza ham oldin emas.

Shu narsaga iymonimiz komil bo‘lishi kerak. Ana shundan keyin sizda “o‘lib qolaman” degan qo‘rquv paydo bo‘lsa, bu vasvasa bo‘ladi. Bu hatto bir kasallik ham bo‘lishi mumkin. Tibbiyotda buni o‘limdan qo‘rqish kasalligi deb aytishadi.

Bu odamda ichidan keladigan vahima bo‘ladi: yurak urishi o‘zgaradi, keyin “o‘layapman” deb o‘ylab, o‘zini-o‘zi qo‘rqitaveradi va vahimaga tushadi.

Buning davosi — inson ruhiy jihatdan tarbiya olishi, to‘g‘ri tushuncha hosil qilishi kerak. Shu orqali bu kasallikdan chiqish mumkin.

O‘lishimiz aniq — hammamiz o‘lamiz. O‘limdan hammamiz qo‘rqamiz. Lekin “mana o‘ldim, mana o‘ldim” deb o‘zini vasvasaga solib, amaldan to‘xtab qolish — bu zaiflik, bu kasallik.

To‘g‘ri, ba’zi holatlarda tushlar orqali yoki boshqa tarzda eslatmalar bo‘lishi mumkin, go‘yo insonni tayyorgarlikka chaqirgandek.

Shulardan biri — soch-soqolning oqarishi. Ulamolar aytadiki, Alloh taoloning “sizlarga ogohlantiruvchi keldi” degan oyatidagi “nazir” — qarish, soch-soqolning oqarishidir.

Bu — “tayyorlan, yaqinlashib qoldi” degani.

Albatta, hammamiz bunga iymon qilamiz: bugun bo‘ladimi, ertami, qachondir amal daftarimiz yopiladi. Belgilangan umrimiz tugaydi. Buni hech kim o‘zgartira olmaydi.

Butun dunyo yig‘ilsa ham, barcha shifokorlar jamlansa ham, sizga bir lahza ham ortiq umr bera olmaydi.

Shuni tushungan inson Allohga tavakkal qiladi, tavba qiladi, solih amallarni ko‘paytiradi. “O‘ldim, o‘ldim” deb kutib o‘tirmaydi, balki “Alloh menga yana umr bersa, ko‘proq solih amal qilaman” degan umid bilan yashaydi.

Umr qancha uzun bo‘lsa, solih amal qilish imkoniyati ham shuncha ko‘p bo‘ladi.

Ibn al-Javziy rahimahulloh aytganlar: agar Alloh menga ming yil umr bersa, o‘sha ming yil davomida ko‘proq solih amal qilishni xohlar edim.

Rasululloh ﷺ aytganlar:
“Sizlarning yaxshilaringiz — umri uzun bo‘lib, solih amalni ko‘p qilganlaringizdir. Eng yomonlaringiz esa — umri uzun bo‘lib, yomon amalni ko‘p qilganlaringizdir.”

Shuning uchun Allohdan yaxshi bandalar qatoridan bo‘lishni so‘rash kerak. Allohga umid bilan yashash, o‘limga tayyorlanib, doimo tavbada yurish kerak.

Vallohu a’lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

0

  • Shariatga xilof narsalar ham sotiladigan omborxonada ishlash hukmi.

    April 15, 2026
  • Ruqyada oyat va hadisdan boshqa duo qilsa ham bo‘ladimi?

    April 15, 2026
  • Tik-tokda video ko‘rishni tashlay olmayotgan do‘stimga nasihat qiling.

    April 13, 2026
  • “Grin karta” o‘ynash ham lotereya kabi harommi?

    April 9, 2026
  • Oylikka ishlaydigan odam ham Allohdan boylik so‘rasa bo‘ladimi?

    April 8, 2026
  • Akaning uka ustida qancha haqqi bor?

    April 8, 2026