Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin
Bu holatingizni eng yaxshi biluvchi — Alloh taolodir. Qalbingizdagi niyat va azmingiz qanchalik kuchli bo’lsa, Alloh taolo shunga yarasha sizga tavfiq ham beradi. Ya’ni insonning qalbidagi qat’iy azmiga qarab Alloh unga yordam va muvaffaqiyat ato etadi.
Shuning uchun avvalo o’zingizni bir tekshirib ko’ring. Balki qalbingizdagi azmda qandaydir sustlik bordir. Ba’zan inson: “Turishni xohlayman”, deydi, ammo ich-ichidan uyquni afzal ko’radi. Shunda natija ham shunga yarasha bo’ladi.
Bir misol keltiray. Agar: “Kim bomdod namoziga masjidga kelsa, unga bir kilogramm oltin beriladi”, deb e’lon qilinsa, o’sha kuni ham uxlab qolsangiz, ana shunda sizni haqiqatan ham uzrli deb aytish mumkin. Ammo odatda bunday bo’lsa, inson qanday bo’lmasin turishga harakat qiladi.
Demak, bomdod namoziga turish uchun ham xuddi shunday jiddiy sabab va qat’iy azm bilan harakat qilish kerak.
Buning uchun barcha sabablarni ham ishga soling. Budilnik qo’ying. Agar uylangan bo’lsangiz, turmush o’rtog’ingizdan sizni uyg’otishini so’rang. Aka-uka, ota-ona, do’st yoki xonadoshingiz bo’lsa, ulardan yordam so’rang. Inson odatda yolg’iz yashamaydi.
Talabalik davrimizda bir solih akamizning uyqusi juda qattiq edi. U budilnikni shkaf ichiga qo’yib, shkafni qulflar, kalitini esa qo’shnisiga berib qo’yardi. Budilnik jiringlagach, uni o’chirish uchun avval qo’shnidan kalitni olib kelishi kerak bo’lardi. Shu vaqtgacha budilnik tinmay jiringlab turardi. Natijada u albatta uyg’onardi.
Yana talabalik paytlarimizda ba’zan hammamiz uxlab qolib ketmasligimiz uchun har kecha bir kishi navbatchi bo’lib, boshqalarni bomdodga uyg’otib yurardi. Ba’zan navbatchining o’zi ham uxlab qolardi. Shunda bolalar kuchli elektr qo’ng’irog’ini temir paqir ichiga joylashtirib qo’yishardi. Jiringlaganda ovozi yanada baland chiqib, hammani uyg’otardi.
Bularning barchasi shuni ko’rsatadiki, inson chin dildan azm qilsa, bomdodga turish uchun sabablarni topadi va ulardan foydalanadi.
Agar siz barcha sabablarni qo’llab, chin dildan harakat qilgan bo’lsangiz, shunga qaramay ba’zan uxlab qolsangiz, in shaa Alloh uzrli bo’lasiz. Chunki bunda beparvolik va loqaydlik bo’lmaydi. Alloh taolo bandalarning qalbidagi niyat va harakatlarini eng yaxshi biluvchidir.
Yana o’sha misolni eslang: agar bomdod namoziga kelgan kishiga bir kilogramm oltin yoki yangi avtomobil beriladi, deyilganda ham uxlab qolsangiz, demak, siz haqiqatan ham qattiq uxlab qoladigan inson ekansiz va bu holatda uzringiz bo’lishi mumkin.
Vallohu a’lam.