Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Bunda duoda birma-bir, otma-ot qilib sanab chiqish maqsadga muvofiq emas. Chunki bu holat duoda haddidan oshishga olib borishi mumkin.
Alloh taolo aytadi:
ٱدْعُوا۟ رَبَّكُمْ تَضَرُّعًۭا وَخُفْيَةً ۚ إِنَّهُۥ لَا يُحِبُّ ٱلْمُعْتَدِينَ ٥٥
(Surah Al-A‘raf, 7:55)
Robbingizga tazarru’ ila va maxfiy duo qiling. Zotan, U haddan oshuvchilarni sevmas.
Masalan, duo qilinganda:
“Ey Robbim, mening ota-bobolarimni rahmat qil.”
yoki:
“Qarindoshlarimni, yaqinlarimni O‘zing rahmatingga olgin.”
deb umumiy qilish — bu to‘g‘ri.
Lekin:
“Akam falonchi, Ahmad, Mus’ab, Zubayr…
ularning xotinlari falonchi, yangam falonchi…
katta o‘g‘li falonchi, kichkina o‘g‘li falonchi…”
deb bittalab sanab chiqish — bu duoda haddidan oshish hisoblanadi.
Rasululloh ﷺ ham duoda ortiqcha tafsilotdan qaytarganlar.
Bir sahobaning o‘g‘li shunday duo qilgan edi:
“Ey Robbim, jannatga kirganimda o‘ng tarafda bir qasr ber.”
Shunda otasi uni qaytarib dedi:
“Bu haddidan oshishdir.”
Shuning uchun duo:
– umumiy
– jamlab aytilgan
– qisqa, lekin mazmunli bo‘lishi kerak.
Buning sababi — Alloh taoloni ulug‘lashdir.
Chunki Alloh subhanahu va taolo:
Malikul muluk — barcha podshohlarning Podshohi.
Tushuntirish uchun misol:
Agar siz bir rahbar oldiga kirib:
“Qishlog‘imizga gaz kerak, iltimos yordam bering” desangiz — bu to‘g‘ri.
Lekin agar:
“Falonchi aka, pistonchi aka, falonchi xola, uning qo‘shnisi, uning qarindoshi…” deb bittalab sanab chiqaversangiz — bu ortiqcha va nojoiz bo‘ladi.
Odamlar oldida shunday bo‘lsa, Alloh taolo oldida qanday bo‘ladi?
Shuning uchun Allohdan: katta narsalar, umumiy narsalar, keng ma’noli duolar so‘raladi.
Masalan:
“Ey Robbim, bizning gunohlarimizni kechir.” Desangiz — hamma kiradi:
- ota-bobolar
- qarindoshlar
- farzandlar
“Zurriyotlarimizni isloh qil” desangiz — keyingi avlodlar ham kiradi.
“Qarindoshlarimizni rahmat qil” desangiz — barchasi kiradi.
Shuningdek, Rasululloh ﷺ dedilar:
«لَا يَسْتَجِيبُ اللَّهُ دُعَاءً مِنْ قَلْبٍ غَافِلٍ لَاهٍ»
(Tirmidhi)
“Alloh g‘ofil qalbdan chiqqan duoni qabul qilmaydi.”
Demak, duoda muhim narsa: ko‘p gapirish emas ,balki ixlos va qalbdir
Xulosa:
- Duoda otma-ot sanab chiqish shart emas
- Bu ba’zan haddidan oshishga olib boradi
- Eng to‘g‘risi — umumiy, jamlovchi duolar qilish
Allohu a’lam.