Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Har xil >Janoza bo‘lgan uyda 3 kun mobaynida nima ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish kerak?

Janoza bo‘lgan uyda 3 kun mobaynida nima ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish kerak?

Nashr sanasi: January 23, 2026

Savol :

Hozirgi paytda mayit chiqqan xonadonlarda ovqat juda ko‘payib ketgan. U yerga taom olib kelish go‘yo farzdek bo‘lib, urfga aylangan. Dasturxondagi taomlarning ko‘pligini ko‘rgan odam janoza emas, go‘yo to‘y bo‘layotgandek o‘ylaydi. Ba’zan janozaga kelganlar kulib-suhbat qilib, ovqat yeydigan joyga aylanib qolmoqda.

Umuman olganda, janoza bo‘lgan uyda uch kun davomida nimalar bilan mashg‘ul bo‘lish kerak?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Taziyada ovqatni mayit egalarini yengillashtirish uchun olib borish sunnat, marosim va isrofgarchilik bid’at, eng foydali amal esa duo va sadaqadir.

Bismillah,

Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.

Aslida shariatda mayit chiqqan xonadonga ovqat olib kelish sunnat bo‘lgan. Bunga dalil shuki, Ja’far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu shahid bo‘lganlarida, Rasululloh Muhammad ﷺ:

“Ja’farning oilasi musibat bilan band bo‘lib qolgan, ularga ovqat tayyorlab beringlar”,
— deganlar.

Bu hadithdan ma’lum bo‘ladiki, mayit egalariga ovqatni ular tayyorlashi uchun emas, balki ularning g‘amini yengillashtirish, ko‘nglini ko‘tarish uchun olib boriladi. Bu — taziya paytidagi yordam va mehrning bir ko‘rinishi.

Ammo shariatda ovqat olib borishning aniq muddati belgilanmagan: uch kunmi, besh kunmi yoki bir kunmi — bu borada qat’iy o‘lchov yo‘q. Asosiy maqsad — mayit egalarining holatini yengillashtirish.

Agar bu ish taziyaxonani to‘yxonaga aylantirish, isrofgarchilik qilish, kulgi va hangomaga sabab bo‘lib qolsa — bu holda ish asl maqsadidan chiqib ketadi. Taziyaga borilgan joy ovqat yeyish, kulib-suhbat qilish joyi emas. Taziyaga borish — hol so‘rash, tasalli berish va duo qilish uchundir.

Ba’zan odamlar taziyaga borib, u yerda chorpoyada o‘tirib, xuddi to‘ydek suhbat qilib o‘tirishadi. Bu esa sunnatga zid holatdir.

“Uch kun nima qilish kerak?” degan savolga kelsak — shariatda uch kunlik, yetti kunlik, yigirma, qirq yoki yillik marosimlar degan tushunchalar yo‘q. Mayitning janozasi o‘qiladi, haqiga duo qilinadi — shundan keyin hayot odatdagi holatiga qaytadi.

Bu borada diniy idoralar tomonidan ham bir necha bor fatvolar chiqarilgan, masjidlarda o‘qib eshittirilgan:
uchlik, yettilik, yigirmalik, qirqlik, ellik oltilik, yillik marosimlar — bular shariatda yo‘q, bid’at amallardir.

Afsuski, bu odatlar odamlarning urf-odatiga chuqur singib ketgani sababli, ko‘pchilik bunga amal qilishda davom etmoqda.

Agar kimdir: “Mayitga foydam tegishini xohlayman” desa, unda eng foydali amal — duo qilishdir. Mayit egalarini ortiqcha tashvishga solmaslik, ularning moliga va vaqtiga zarar yetkazmaslik kerak. Aksincha, sarflanayotgan mablag‘ni yetim qolgan bolalarga, oila a’zolariga yordam sifatida berish — mayit uchun ham, tiriklar uchun ham foydaliroq bo‘ladi.

Ko‘pincha ro‘zg‘or tebratib turgan ota vafot etadi, bolalar yetim qoladi. Shunday paytda ularni uch kun davomida mehmonlarga xizmat qildirish — bu katta nohaqlikdir.

Bu masalani ulamolar, imomlar va jamoat yetakchilari asta-sekin tushuntirib borishlari kerak. Odamlarga bu amallarning shariatdagi o‘rni izohlanib borilsa, inshaAlloh, asta-sekin to‘g‘rilanadi.

Mayitga Qur’on o‘qib bag‘ishlash masalasi esa ijtihodiy (ixtilofli) masala:
— ba’zi ulamolar joiz deydi,
— ba’zilari joiz emas deydi.

Kim joiz degan ulamolarning gapiga amal qilib Qur’on o‘qib bag‘ishlasa — mayli. Shuningdek, mayit nomidan sadaqa qilish, vaqf qilish, ehson qilish ham foydali amallardandir.

Ammo bularning barchasini uch kun bilan cheklash shart emas. Xohlagan vaqtda, imkon boricha qilish mumkin.

Vallohu a‘lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

0

  • Homilador holimda erim Rossiyaga olib ketmoqchi, itoat qilmasam bo‘ladimi?

    February 17, 2026
  • Erining so‘kishi va sansirashi yoqmaydigan ayolning savoli.

    February 17, 2026
  • Yoshi katta nomahram qarindosh ayollar bilan qanday ko‘rishish kerak?

    February 13, 2026
  • Muammolardan qutulish uchun Baqara surasini o‘qishning dalili bormi?

    February 13, 2026
  • “Vallohi” deb yolg‘on qasam ichish hukmi.

    February 13, 2026
  • Kundur hidiga jinlar kelmaydimi?

    February 13, 2026