Bismillah, alhamdulilloh, vas-salātu vas-salām ‘alā Rasulilloh, ammā ba’d.
Ijtimoiy hayotda jamoatlarning o‘rni ularning faoliyatiga qarab belgilanadi. Masalan, qaysi jamoat nimani da’vo qilmoqda? Ba’zi jamoatlar Islomning ma’lum bir sohasi bo‘yicha xizmat qiladi. Masalan, kimdir jamoat tuzib, “biz xayriya jamiyati bo‘lamiz, xayriyalarni yig‘ib, odamlarga yetkazamiz” desa – bu xizmatdir, qiling deyiladi. Yoki boshqa bir jamoat ma’lum bir tomondan xizmat qilamiz desa, qilsin.
Ammo hammamizni birlashtiradigan narsa “Innamal mu’minūna ikhwa” – mo‘minlar aka-uka. Bizning qiblamiz bir, imomimiz bir, Payg‘ambarimiz bir, kitobimiz bir, Robbimiz bitta. Shuning uchun mo‘minlar ana shu asosda jamlanadi. Agar jamoatlar do‘stlik va dushmanlikni jamoat nomi ustiga quradigan bo‘lsa, bu johiliyat sassiqligidir.
Jamoat qanday bo‘lishidan qat’iy nazar – vatanparvarlik da’vosida bo‘lsinmi, mazhabparastlik yoki aqidaparastlik da’vosida bo‘lsinmi – agar do‘stlik va dushmanlik ana shu narsa ustiga qurilib, musulmonlarni ajratishga olib borsa, bu johiliyat sassiqligiga aylanadi.
Masalan, kimdir “biz salafiymiz” deb chiqib, salafiy bo‘lmagan kishiga salom bermasa, keyin esa o‘zlari ham “shayx-shayx”ga bo‘linib ketsa – “Sening shayxing kim? Mening shayxim falonchi. Sen uni ziyorat qilmabsan, demak haqiqiy salafiy emassan” – deb bir-birlarini ahli bid’atga chiqarib yuborsa, bu musulmonlarni firqalarga bo‘lishdir. Alloh taolo bizni “musulmon” deb nomladi. Biz ahli qibla, mo‘min, musulmon, aka-ukamiz.
Musulmonlarni aka-ukalik jamlaydi. Boshqa har qanday ism, agar u jamoatda tarqoqlikka olib kelsa, qanday shior yoki chiroyli nom bilan chiqqanidan qat’i nazar, johiliyat sassiqligidir. Chunki ma’noga qaraladi. Agar musulmonlarning birlik tayoqchasini sindirishga olib kelsa, bu johiliyat sassiqligidan boshqa narsa emas.
Shuning uchun birlikka chaqirayotgan odam, avvalo birlik tushunchasini to‘g‘ri tushunib olishi kerak. Jamoatlarning ma’nosini tushunib olish kerak. Masalan, kimdir jamoat ochib: “Biz xayriya yig‘ib, odamlarga tarqatamiz”, desa – bu xizmat, zarari yo‘q. Chunki bu faqat tanilish yoki o‘z a’zolarini bilish uchun qo‘yilgan nom bo‘lishi mumkin.
Ammo do‘stlik va dushmanlik shu nom ustiga qurilsa – “Sen bu jamoatga kirdingmi, chiqdingmi? Agar kirmagan bo‘lsang, bizga dushmansan” deyilsa – bu johiliyat sassiqligidir, har qancha yaxshi da’vo qilsa ham. Nima ism bilan atalsa ham.
Hatto ansor va muhojirlik kabi sharafli ismlar ham agar musulmonlarni do‘st-u dushman qilishga xizmat qilsa, Rasululloh ﷺ aytganlaridek, bu ham johiliyat sassiqligidir. Chunki bir safardan qaytishda ansor va muhojirlar o‘zaro janjallashib, qilich ko‘targanlarida, Rasululloh ﷺ:
“Men sizlarning ichlaringizda hali tirik bo‘la turib, shunday ishlarni qilasizlarmi? Bu johiliyat sassiqligidir!” – degan edilar.
Shunday ekan, biz musulmonlar hammamiz aka-ukamiz. Bizning qiblamiz bitta. Qaysi mazhabdan bo‘lishidan qat’i nazar, barchamiz birodarmiz. Uning mazhabini qadrlaymiz, tushunchasini qadrlaymiz, xatosi bo‘lsa to‘g‘rilaymiz. Ammo uni dushman deb o‘zimizdan chiqarib tashlamaymiz.
Xatoni to‘g‘rilash boshqa, dushman bilib rad etish boshqa.
Bu masala aslida uzun suhbat va alohida muhozara talab qiladi. Lekin hozircha shu qisqa javob kifoya bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Vallohu a’lam.