Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Bu hadis — mashhur Ummu Zar’ hadisidir. Oysha onamiz Rasulullohga ﷺ johiliyat davrida bo‘lgan o‘nta ayolning o‘z erlari haqida aytgan so‘zlarini hikoya qilib berganlar. Hadis juda uzun, boy ma’no va ijtimoiy saboqlarga ega. Ko‘p bora bu hadisni sharhlash vaqti kelishini va’da qilganmiz, in shaa Alloh yaqin kunlarda alohida dars tarzida sharhlash rejamiz bor.
Ammo qisqacha aytadigan bo‘lsak, bu hadisdan har kim o‘ziga yoqqan nuqtani ajratib olib, noto‘g‘ri xulosaga kelmasligi kerak. Ya’ni ayol: “Mana, erkak har ishga aralashmasligi kerak ekan”, deb bu hadisdagi ba’zi so‘zlarga tayansa, bu noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki bu hadis johiliyat ayollarining o‘z erkaklari haqida aytgan gaplaridan iborat hikoyadir, shariat tomonidan to‘liq tasdiqlangan andoza emas.
Bu rivoyatda Ummu Zar’ ismli ayol o‘z erini maqtaydi: “U meni yediradi, ichiradi, aytganimga qarshi chiqmaydi, hatto oilamga hadya berishga ham izn beradi”, deb ifodalaydi. Rasululloh ﷺ esa Oysha onamizga bu rivoyatni eshitgach shunday deganlar:
“Ey Oysha, men senga Ummu Zar’ning eri kabi bo‘ldim, lekin men uni (Ummu Zar’ni) taloq qilganidek taloq qilmayman.”
Ya’ni, Rasululloh ﷺ yaxshi muomala jihatidan o‘xshashlik bildirdilar, ammo ajralish nuqtasida farq bordigini ta’kidladilar.
Bu hadisda yana boshqa ayollarning ham erlari haqida aytgan so‘zlari bor: ularning orasida do‘pposlaydigan, qattiqqo‘l, shafqatsiz erkaklar haqida ham gaplar bor. Biri shunday degan:
“Erim uradi, baqiradi, sindiradi, yoradi — har kungi gap shu.”
Demak, bu hadis — johiliyatdagi ayollar o‘z erlari haqida ochiq-oshkora aytgan shaxsiy mulohazalar to‘plami, shariat mezoniga binoan ayol-erkak munosabatining ideal ko‘rinishi emas. Shuning uchun bu hadisdan “erkak aralashmasin, er befarq bo‘lishi kerak” degan xulosa chiqarish ilmiy va diniy jihatdan noto‘g‘ri.
Qur’onda Alloh taolo aytadi:
ٱلرِّجَالُ قَوَّٰمُونَ عَلَى ٱلنِّسَآءِ
“Erkaklar ayollar ustida mas’uldirlar.” (Niso surasi, 34-oyat)
Bu — mas’uliyat, nazorat va rahbarlikni bildiradi. Erkak oilaning boshlig‘i sifatida ayolining qanday hayot kechirayotganiga befarq bo‘lmasligi kerak: ilm o‘rganyaptimi, isrofda yuryaptimi, ibodatdan beparvo bo‘lyaptimi – bularni bilish va to‘g‘ri yo‘lga solish erkakning mas’uliyatidir.
Albatta, mijg‘ovlik – ya’ni har bir harakatni ta’qib qilish, xurujli tergovchi bo‘lish – bu Rasulullohning ﷺ uslubi emas. Rasululloh ﷺ o‘z ayollariga nisbatan eng go‘zal muomalada bo‘lganlar. U kishining muomalasi biz uchun eng to‘g‘ri mezondir.
Xulosa shuki: bu hadisni bir tomonlama tushunmaslik kerak. Undan ijobiy saboq olish mumkin – masalan, o‘zaro muloqot, xotirjamlik, mehr-oqibat, sadoqat kabi. Ammo erkakni befarq bo‘lishga undaydigan yoki ayolni nazoratdan holi bo‘lishga chaqiradigan dalil sifatida ishlatish aslo to‘g‘ri emas.
Vallohu Alam