Ustoz, oilada ikkita bo‘ydoq qaynim bilan birga yashaymiz. Ulardan biri — turmush o‘rtog‘imning ukasi, ikkinchisi esa qaynonamning singlisining o‘g‘li. U bizning uyda turib ishlaydi. “Qachon uylansam, o‘shanda ketaman,” deydi. Ularning menga nomahram ekanini bilsam-da, ular bilan gaplashaman, ba’zan yumushlari bo‘lsa bajaraman.
Turmush o‘rtog‘im qo‘shni davlatda ishlagan, biz bir muddat chet elda yashadik. Hujjatlar, ilm olish va farzandimizni o‘qitish imkoniyati bo‘lmaganligi sababli qaytishga majbur bo‘ldik. Hozirgi uy sharoitimiz qalbimni xotirjam qilmayapti. Umuman olganda, bizning o‘zbek oilalarida bunday masalalarga yetarli darajada e’tibor berilmaydi.
Turmush o‘rtog‘im ham erta bilan ishga ketadi, kech qaytadi. Ba’zan uyda o‘sha yigit bilan yolg‘iz qolib ketaman. Bunday holatlarga u kishi ko‘p e’tibor bermaydi. “Bu yaxshi holat emas, bu yerda shariat nima deydi?” desam, “Men nima ham qila olaman? ‘Ket’ deb ayta olmayman, onamning hurmati bor,” deydilar.
Ba’zida tortishib qolsak, “Bunday yashash yoqmasa, o‘zingga yoqadigan hayotda yashagin,” deb aytadi. Ko‘p shar’iy masalalarda qiynalaman. Allohga itoat qilish kerakligini bilsak-da, go‘yo bandalarni rozi qilish uchun yashayotgandekmiz.
Qalbim bu holatga rozi emas. Ustoz, maslahat bering, turmush o‘rtog‘imga itoat qilib, bunday holatlarga chidashim men uchun gunoh bo‘lmaydimi?