Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Haqiqatan ham bu juda muhim masala. Insonning sunnat va nafl amallarga e’tiborsiz bo‘lishi asta-sekin farzlarga ham beparvo bo‘lishga olib keladi. Chunki sunnat va nafl amallar farzlarni to‘ldiruvchi ibodatlardir. Muvaffaq bo‘lgan inson — bu amallarni ham muntazam ado etadigan kishidir.
Aslida, nafl va sunnat amallari tark etilsa, bu uchun savol-javob bo‘lmaydi. Xuddi bir badaviy Rasululloh ﷺ oldilariga kelib:
“Alloh bizga nima farz qildi?” — deb so‘raganlarida, Rasululloh ﷺ: “Besh vaqt namoz,” — deganlar.
U: “Shundan ortiq bormi?” — deganda: “Yo‘q, agar o‘zing istab qo‘shimcha qilsang bo‘ladi,” — deganlar.
Shunda u: “Men faqat farzlarni ado qilaman, na kam, na ko‘p,” — deganida, Rasululloh ﷺ:
“Agar bu gapida sobit bo‘lsa, najot topadi,” — deganlar.
Demak, farzlar kifoya, ammo farzlarni to‘ldirish uchun sunnat va nafl ibodatlar juda zarur. Chunki qiyomatda farzlarda kamchilik bo‘lsa, aynan nafl ibodatlar bilan to‘ldiriladi. Agar inson naflni qilmagan bo‘lsa, qanday qilib farzdagi kamchilikni to‘ldiradi?
Shuning uchun aqlli inson vaqtini g‘animat bilib, sunnat va nafl ibodatlarga ham rag‘batli bo‘ladi. Hayot juda qisqa, lahzalardan iborat. Hozir tirikligimiz — eng katta ne’mat. O‘liklar tirik bo‘lishni orzu qiladi. Agar ular tirilsa, yer titib dehqonchilik qilmaydi, balki ibodat bilan band bo‘ladi. Farz, sunnat, zikr — hammasini qiladi. Shunday ekan, biz ham tirikligimizni qadriga yetaylik.
Rasululloh ﷺ aytadilar:
“Ikki so‘z bor, tilga yengil, tarozida og‘ir, Rohman (ya’ni Alloh)ga suyukli:
Subhānallohi wa bihamdihī, Subhānallāhil-‘Azīm.”
Tilga juda yengil, lekin bandaning ro‘yxatiga katta savob yoziladi. Afsuski, ko‘pchilik bo‘sh vaqtlarini boshqa narsalarga sarflaydi. Shu vaqtni tasbeh, zikr bilan o‘tkazsa, hayotini ajrli va mazmunli qilgan bo‘ladi.
Alloh hammamizga tavfiq bersin. Hayotimizni ma’noli, mazmunli va zikr bilan to‘la o‘tkazishimizni nasib qilsin.
Allohumma āmin.