Bismillah,
Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.
Savolda ota o‘g‘liga uyini vasiyat qilganligi aytilmoqda. Bundan tashqari, yana ikki qizi borligi ham ko‘rsatilgan. Bu borada ochiq dalillar kelgan. Imom Ahmad o‘zining “Musnad” kitobida Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini rivoyat qiladilar:
“Alloh taolo har bir haqdorga haqini berib qo‘ydi, shuning uchun merosxo‘rga vasiyat qilinmaydi.”
Ya’ni, Alloh har bir merosxo‘rning ulushini Qur’onda bayon qilib qo‘ygan. Niso surasida Alloh taolo har bir merosxo‘rning qancha ulush olishini aniq belgilagan va bu masalani hatto Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga ham topshirmagan.
Modomiki merosxo‘rning ulushi belgilangan ekan, merosxo‘rga merosdan tashqari qo‘shimcha vasiyat qilinmaydi. Chunki bu holda merosdan tashqari berilgan qo‘shimcha narsa boshqa farzandlarga zulm bo‘lib qoladi. Shu sababli merosxo‘rga qo‘shimcha vasiyat qilish joiz emas. Mabodo bunday vasiyat qilingan bo‘lsa ham, u bajarilmaydi va bajarilmasligi kerak.
Ba’zan ulamolar insonning yomon xotima bilan o‘lishining alomatlaridan biri sifatida shunday holatni ko‘rsatadilar: Inson o‘limidan oldin farzandlaridan birini afzal ko‘rib, unga butun mol-mulkini vasiyat qilib ketadi yoki nomiga o‘tkazib qo‘yadi. Bu esa boshqa farzandlarga zulm hisoblanadi. Chunki bunday holatda ota o‘z farzandlariga adolatsizlik qilgan bo‘ladi.
Shuning uchun ehtiyot bo‘lish kerak. Mabodo shunday vasiyat qilib ketilgan bo‘lsa, farzandlar otasining qabrda tinch yotishini istasalar, merosni shariatga muvofiq taqsimlashlari kerak.
Ba’zida ota: “Menga kim ko‘proq g‘amxo‘rlik qildi, kim menga e’tibor bermadi, kim parvarish qilmadi,” — deb, ko‘proq e’tibor bergan farzandiga uyini yoki butun mol-mulkini berishni istaydi. Ammo bu ham zulm hisoblanadi.
Shariat hukmi bo‘yicha, ota-onaga qanday xizmat qilganidan qat’i nazar, meros Alloh belgilagan tartibda taqsimlanadi.
Shu yerda qo‘shimcha qilib qo‘yish kerakki, meros masalasida ba’zan qizlarni uzatish vaqtida bir uyga ketadigon pul sarflanishi mumkin, bu narsa o‘g‘il farzand uchun qilinmasligi mumkin, bu holat ham e’tiborga olinishi kerak.
Masalan, ota katta hovli qurgan bo‘lsa va o‘g‘il farzand o‘sha hovlida yashab kelayotgan bo‘lsa, bu uy ham meros hisoblanadi va adolatli ravishda baholanib, qolgan merosxo‘rlarga ham ulushlari berilishi kerak.
Shuning uchun meros taqsimotida qiz farzandlar uchun qilinadigan xarajatlar ham e’tiborga olinishi kerak.
Vallohu a’lam.