Ustoz, janoza necha kun bo‘ladi va janoza bo‘lgan xonadonda ovqat pishirib, elga tarqatish joizmi?
Janoza necha kun? Azadorlar elga ovqat pishirib tarqatishi joizmi?
Savol :
Sunnatda kelgan taziya uch kun bo‘ladi.
Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Juda ko‘p joylarda bu masalada xuddi to‘yga o‘xshash holatlarga guvoh bo‘ldim.
Sunnatda kelgan taziya uch kun bo‘ladi. Ya’ni uch kun davomida hol so‘rab, o‘lim bo‘lgan xonadonga borib, taziya bildiriladi. Shundan keyin odamlar yana odatdagi hayotiga qaytadi. Sunnati shudir.
Ovqat masalasiga kelsak, janoza bo‘lgan xonadonda ovqat qilish harom degan gap yo‘q. Yoki ularga borib: “Ovqat qil, tarqat, majbursan,” deb aytishga ham hech kimning haqqi yo‘q.
Lekin bizda bu masalada haddan oshish bor. Aslida, mayyit uchun sadaqa qilish, Alloh uchun ehson qilish — masalan, jonliq so‘yib, uning savobini mayyitga bag‘ishlash — joiz va yaxshi amal.
Ammo bizda uch kunlik, yetti kunlik, yigirma kunlik, qirq kunlik, ellik oltinchi kunlik kabi kun sanab qilishlar — bu bid’atdir. Bu narsaning bid’at ekani haqida diniy idoralar ham bir necha bor fatvo bergan.
Shunga qaramay, bu odatlar odamlar orasida chuqur singib ketgan.
Eng katta muammolardan biri — mahalladagi imomlar va domlalar bu masalani yetarli tushuntirmaydi. Axir o‘sha xonadonda o‘lim bo‘lgan, ehtimol yetim bolalar qolgan bo‘lishi mumkin. Qaysi vijdon bilan ularning haqqidan yeyiladi?
Ko‘pincha o‘sha xonadon hisobidan qo‘y so‘yilib, non tayyorlanib, odamlar yig‘ilib ovqat yeydi. Bu esa ko‘pincha yetimlarning haqqiga tajovuz bo‘ladi.
Albatta, agar boy odam o‘z ixtiyori bilan ehson qilsa, bu joiz. Lekin bizda kambag‘al bo‘lsa ham qarz olib qilib qo‘yadigan darajaga yetib qolgan.
Shuning uchun mahalla mas’ullari va imomlar odamlarning holatini hisobga olib: “O‘zingni qiynama, bunday qilma,” deb, aksincha boshqalarni yordamga chaqirishi kerak.
Aslida esa, o‘lim bo‘lgan xonadonga yordam berish kerak:
- beva ayoli qolgan bo‘lishi mumkin
- yetim bolalari bo‘lishi mumkin
- rizq manbai yo‘qolgan bo‘lishi mumkin
Shularni o‘ylab, yordam berish kerak.
Shariatda bu masalada o‘rtacha yo‘l bor:
- “xonadonda ovqat pishirmasin” degan qat’iy hukm yo‘q
- “xonadon ovqat qilib tarqatsin” degan majburiyat ham yo‘q
Ja’far ibn Abu Tolib (r.a.) shahid bo‘lganlarida, Rasululloh ﷺ aytdilar:
Ja’farning oilasi g‘am bilan band bo‘lib qolganligi sababli, ularga ovqat tayyorlab yuboringlar.
Bu sunnat bo‘lib, o‘lim bo‘lgan xonadonga qo‘ni-qo‘shnilar va qarindoshlar ovqat olib borishi yaxshi amal hisoblanadi.
Ba’zilar: “O‘lim bo‘lgan xonadonda ovqat qilish harom, chunki qon sachraydi,” degan gaplarni aytadi. Bu noto‘g‘ri va asossiz gap.
Aslida o‘lim bo‘lgan xonadonda odamlarning o‘zi g‘am bilan band bo‘ladi, ovqat qilishga ham holi bo‘lmaydi. Shuning uchun ularga yordam sifatida ovqat olib borish yaxshi.
Ammo o‘sha xonadonni majburlab:
- molini so‘ydirib
- ehson qildirib
- odamlarga ovqat tarqatishga majbur qilish
bu noto‘g‘ri, hatto haromga yaqin ishdir.
Chunki ko‘pincha bu yetimlarning haqqini yeyishga olib keladi.
Shu narsalarga e’tibor berishimiz kerak.
Vallohu a’lam.
Shayx Sodiq Samarqandiy
Maqola foydali bo’ldimi?