Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin
Ha, bu haqda sahih tarixiy rivoyatlar kelgan. Umar ibn al-Xattob roziyallohu anhu ocharchilik yillarida ayrim o’g’irlik holatlarida qo’l kesish haddini ijro etmaganlar.
Lekin bu Allohning hukmini o’zgartirish emas, balki Allohning hukmini to’g’ri qo’llash edi.
Chunki shariatda o’g’rining qo’lini kesish uchun ma’lum shartlar mavjud. Har qanday o’g’irlik qilgan odamning qo’li darhol kesilmaydi. Hadd jazosini qo’llash uchun barcha shartlar to’liq bajarilgan bo’lishi kerak.
Jumladan, agar inson o’ta zarurat sababli, ochlikdan halok bo’lish xavfi ostida qolib, hayotini saqlab qolish uchun biror narsani olgan bo’lsa, bunday holatda unga hadd jazosi tatbiq etilmaydi. Chunki bu ishni u to’liq ixtiyori bilan emas, balki zarurat tufayli qilgan bo’ladi.
Shuningdek, shariatda hadd jazolarini qo’llashda har qanday shubha bartaraf etilgan bo’lishi shart. Agar ishda shubha mavjud bo’lsa, hadd jazosi ijro qilinmaydi.
Rasululloh ﷺ marhamat qilganlar:
«ادْرَؤُوا الْحُدُودَ بِالشُّبُهَاتِ»
“Shubhalar mavjud bo’lsa, hadd jazolarini qo’llashdan tiyilinglar.”
Masalan, biror kishi o’zi ham ulushi bor molni olgan bo’lsa yoki ko’chada tashlab ketilgan narsani olib qo’ygan bo’lsa, bu holatlar shariatdagi o’g’irlik haddi tatbiq etiladigan o’g’irlik hisoblanmaydi.
Umar roziyallohu anhu davrida ham xuddi shunday vaziyat yuz bergan edi. O’sha paytda mamlakatda qattiq ocharchilik hukm surayotgan edi. Ko’p odamlar zarurat tufayli oziq-ovqat olishga majbur bo’lishgan. Shuning uchun hadd jazosining shartlari to’liq mavjud emas edi.
Umar roziyallohu anhu shunday vaziyatda qo’l kesish jazosini ijro etmaganlar va odamlarning ahvoli yaxshilanmagunicha bu jazoni qo’llashni to’xtatib turganlar.
Aslida bunday vaziyatda mas’uliyat hukumat zimmasiga tushadi. Chunki insonlarni ochlikdan saqlash va ularning asosiy ehtiyojlarini ta’minlash davlatning vazifalaridan biridir. Odam zarurat tufayli o’g’irlik qilish darajasiga yetib qolgan bo’lsa, bu jamiyat va hokimiyat zimmasidagi mas’uliyatni ham anglatadi.
Bu holatni boshqa shar’iy hukmlar bilan ham qiyos qilish mumkin. Masalan, Juma namozining o’z shartlari bor. Agar o’sha shartlar topilmasa, Juma namozi vojib bo’lmaydi. Xuddi shuningdek, Hayit namozining ham o’ziga xos shartlari mavjud. Shartlar mavjud bo’lmasa, hukm ham tatbiq etilmaydi.
Demak, Umar roziyallohu anhuning bu ishlari Allohning hukmini bekor qilish yoki o’zgartirish emas, balki shariat belgilagan shartlar mavjud bo’lmaganligi sababli hukmni o’z o’rnida qo’llash edi.
Vallohu a’lam.