Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Endi bu mujmal gap, ehtimolli gap. Aniq bilish uchun erning o‘zidan so‘rash kerak. Agar u “ketaver” deganda “bo‘ldi, ajrashdik” degan niyatda aytgan bo‘lsa, taloq tushadi.
Agar yo‘q, “ketsang ketaver, baribir yo‘qotadigan narsam yo‘q” degan ma’noda aytgan bo‘lsa, bu ko‘pincha erkaklar tomonidan qo‘rqitish uchun aytiladigan gap bo‘ladi. Ya’ni “ketsang ketaver, o‘rningga boshqasini olib kelaman” degan ma’noda aytiladi.
Demak, bu ehtimolli gap bo‘lgani uchun bunday holatda niyat muhim. Agar niyati “taloq berdim” degan bo‘lsa, taloq tushadi. Aks holda, taloq tushmaydi. Ko‘pincha bunday vaziyatda erkakning xayoliga ham taloq kelmaydi.
Endi hayotni davom ettirish yoki ettirmaslik masalasi boshqa masala. O‘rtada farzandlaringiz bor, yana homilador ekansiz. Ayol kishining eri uradigan bo‘lsa, bu juda og‘ir musibat.
Har kimga Alloh taolo turli tomondan sinov beradi. Rasululloh ﷺ huzurlariga Fotima bint Qays kelib, sovchilar haqida maslahat so‘raganida, u zot aytdilar: “Muoviya kambag‘al, unga turmushga chiqsang qiynalasan. Abu Jahm esa xotinini uradi, unga turmushga chiqma.”
Ya’ni bu holat qoralangan narsa. Xotin urish — madaniyatsizlik, pastkashlik. Haqiqiy erkak xotinini urmaydi.
Ba’zi joylarda esa xotin urish go‘yoki obro‘ hisoblanadi. Erkak xotinini odamlar oldida urib, o‘zini “erkak” qilib ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Bu juda katta johillik va madaniyatsizlikdir.
Albatta, shariatda zikr qilingan “urish” bor, lekin bu qovurg‘ani sindirish, ko‘kartirish, jarohat yetkazish degani emas. Hozir ko‘rilayotgan holatlar esa bundan butunlay boshqacha — qo‘liga tushgan narsa bilan urish, boshini yorish, hatto homilador ayolni urish — bu zulmdir.
Agar kimda kuch bo‘lsa, uni foydali joyda ishlatsin. Zaif ayolga ishlatish — bu mardlik emas.
Endi sizning holatingizga kelsak, sabr qilasiz. Ba’zi erkaklar urgan bo‘lsa ham, xotinini yaxshi ko‘radi, lekin ba’zilar esa haddan oshadi. Siz o‘zingiz baho berishingiz kerak.
Yaxshiliklarini bir taroziga, yomonliklarini bir taroziga qo‘ying. Qaysi taraf og‘ir kelishini o‘zingiz hal qilasiz. Hech kim sizga “albatta ajrash” yoki “albatta yashayver” deb hukm bera olmaydi.
Bu sizning hayotingiz. Ko‘rpaning issiq-sovug‘ini o‘zingiz bilasiz.
Shuningdek, ba’zi ayollar ham o‘zlari bilib-bilmay vaziyatni keskinlashtirib qo‘yishi mumkin. Erkakning g‘azabini bilgan holda uni yana qo‘zg‘atmaslik, xavfli paytda chetga chiqish, o‘zini himoya qilish ham muhim.
Bu erkakning qilayotgan ishini oqlamaydi, lekin ayol o‘zini asrashi ham kerak.
Agar barcha choralarni ko‘rib ham urish davom etsa, jiddiy zarar yetkazsa, bunday hayot xavfli bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun bu masalada qarorni siz o‘zingiz qabul qilasiz. Alloh yaxshiroq biladi.
Vallohu a’lam.