Men ayolim homiladorlik paytida onasiga “Qizingizning javobini berdim, narsalarini olib ketinglar,” deb SMS yozganman. O‘sha paytda juda asabiy edim, lekin es-hushim joyida edi. Qaytib olishga yo‘l yopilsin degan niyatda qalbimda uch taloqni qasd qilganman. Oradan uch yil o‘tdi. Hozirda qizimni ko‘rib, vijdonim qiynalmoqda. Agar qaytib olish imkoni bo‘lsa, albatta qaytarib olardim. Ustoz, bunga imkon bormi?
Ha, bunday holatda qaytib olishga imkon bor, in shaa Allah. Siz “uch taloqni niyat qildim” desangiz ham, amalda faqat “javobini berdim” degan iborani ishlatgansiz, uchta taloqni aniq aytmagansiz. Biz tanlagan to‘g‘ri fatvaga ko‘ra, bu holatda faqat bitta taloq hisoblanadi.
Shuningdek, ayolingiz homilador bo‘lganligi uchun uning idda muddati — ya’ni homila tugashi bilan yakunlangan. Oradan uch yil o‘tgan bo‘lsa, idda muddati allaqachon tugagan bo‘ladi.
Shuning uchun, hozir u bilan qayta nikoh o‘qitib, yangi nikoh bilan uylanishingiz mumkin. Bu holatda siz taloq uchligidan bir imkoniyatni sarflagan bo‘lasiz. Yana ikkita taloq haqi qoladi. Agar qayta turmush qurmoqchi bo‘lsangiz, u bilan yangi nikoh (shartlari va guvohlar bilan) tuzishingiz kifoya qiladi.
Vallāhu a‘lam.