Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Aqida >“Kichik shirk dinidan chiqarmaydi” degan odam kofir bo‘ladimi?

“Kichik shirk dinidan chiqarmaydi” degan odam kofir bo‘ladimi?

Nashr sanasi: May 21, 2025

Savol :

Ustoz, bir do‘stim aytishicha, “Kichik shirk dinidan chiqarmaydi” degan odam kofir bo‘larkan. Shundan so‘ng u ko‘chada uchratgan har qanday musulmonni kofir deb e’tiqod qila boshladi. Sababini so‘rasak: “Chunki uning aqidasini bilmayman,” deb javob beryapti. Uydan tashqariga chiqqanida namozlarni jamlab o‘qiyapti, masjidlarga kirmayapti. “Men Ali roziyallohu anhu yo‘lini tutganman, u ham safarda namozni jamlab o‘qigan ekan,” deyapti. Iltimos, shu haqda ma’lumot bersangiz, do‘stim to‘g‘ri yo‘ldami?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Bu — johillik. “Kichik shirk dinidan chiqarmaydi” degan odamni kofir, deb hisoblash — chuqur e’tiqodiy xato.

Bismillah,

Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.

Bu — johillik. “Kichik shirk dinidan chiqarmaydi” degan odamni kofir, deb hisoblash — chuqur e’tiqodiy xato. Kichik shirk, masalan, riyo — shariatda “shirk asghar” deyiladi, ya’ni “kichik shirk”. Riyokorlik qilgan odamga mushrik deb hukm berishning o‘zi noto‘g‘ri, endi undan ham yomoni — riyokorni mushrik deb bilmagan odamni mushrik deb bilish — bu mutlaqo noto‘g‘ri.

Bunday odamlarning ichki qoidasi: “Hamma kofir, faqat men mo‘minman.” Shuning uchun ular jamiyatdan uzilib, hech kimga salom bermaydi, masjidga bormaydi, musulmonlarning qo‘lidan ovqat yemaydi, ularning so‘ygan hayvonini yeb bo‘lmaydi, to‘y-tomoshalarga ham qatnashmaydi. Ular yolg‘izlikda yashaydi va jamiyat bilan aloqani uzadi.

Bunday odam oxir-oqibat o‘zini ham kofir deb biladi: “Men ilgari kofir edim, endi mo‘min bo‘ldim” deydi. Ertasi kuni yana: “Men yana kufrga tushib qoldim,” deb, kuniga bir necha bor iymonini yangilab yuradi. Bu e’tiqod oxir-oqibat vasvasaga olib boradi. Har safar “kofir bo‘ldim” deb, la ilaha illalloh aytaveradi. Bu sog‘lom e’tiqod emas.

Bu masalalar — ya’ni takfir, shirk, kufr, iymon, mo‘min-kofir — aqidaning eng nozik va xavfli mavzularidandir. Bu haqda biz aqidaga oid darslarimizda keng tushuntirishlar berganmiz: iymon nima, kufr nima, shirk turlari qanday, takfir qilishning shartlari qanday — bularning barchasini bayon qilganmiz.

Xulosa qilib aytganda, bunday odamlar — adashgan firqalardir. Bu kabi aqidalar — xavorijlarning ichki fikrlariga o‘xshaydi. Ular o‘zini to‘g‘ri deb biladi, boshqalarning barchasini kofir deb hisoblaydi. Hatto ba’zilar: “Butun viloyatda ikkita mo‘min bor — men va xotinim,” deydi. Hatto xotinini ham takfir qilishga yaqin bo‘ladi.

Ular Yusuf alayhissalomni ham “kofirga xizmat qilgan” deb ayblaydi. Shunda bu odam uchun payg‘ambarlar ham, sahobalar ham, ulamolar ham kofir bo‘lib qoladi. U o‘zidan boshqa hech kimni haq deb bilmaydi. Bu — juda xavfli yo‘l.

Yuqoridagi holatda sizning do‘stinggiz — shariatni noto‘g‘ri tushungan. Ehtimol, niyati toza, ammo ilmsizlik va noto‘g‘ri manbalarni o‘qish natijasida bunday holatga tushib qolgan. Bunday odamga yordam berish kerak: unga ilm berish, to‘g‘ri manbalarni ko‘rsatish, ulamolarning sohih so‘zlarini yetkazish kerak.

Bu fikrning oxiri — odamni o‘zini ham takfir qilish, keyin iymonini yangilash va nihoyat vasvasaga tushib qolish bilan yakunlanadi. Bu yo‘l — salomat yo‘l emas.

Vallāhu a‘lam.

 

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

0

  • Hajga borish uchun pora bersa bo‘ladimi?

    July 19, 2025
  • Qoshlarni “pudra sepilishi” uslubida tatuaj qildirish haqida.

    July 18, 2025
  • Ayol kishi kindigini teshtirib, zirak taqishi joizmi?

    July 18, 2025
  • Ayol kishi mo‘ylovini olsa bo‘ladimi?

    July 18, 2025
  • To‘ylarda ofitsiant bo‘lib ishlaydigan kishining savoli.

    July 17, 2025
  • Uyni bitishidan avval sotib olish hukmi.

    July 16, 2025