Endi bu aytayotganingiz munkardan qaytarish masalasiga kiradi. Aslida bugun butun hayotimiz TikTok bo‘lib ketgandek.
Butun ko‘cha to‘la fahsh-munkar. Hayotimiz fahsh-munkardan iborat bo‘lib qolgandek. Alloh hammamizni hidoyat qilsin.
Mana shunday holatda inson isloh uchun harakat qilishi kerak. Har bir odam isloh uchun harakat qiladi. Munkarni qaytarish, ma’rufga buyurish — bu mo‘min odamning vazifasi.
Buni bilgan odamlar, ayniqsa ahli ilm kishilar va odamlar ustidan mas’uliyati bor, ya’ni boshqaruv haqqiga ega bo‘lgan kishilarning mas’uliyati yanada katta. Alloh bu narsalar haqida ulardan so‘raydi.
Har kim qo‘lidan kelganicha taqvo qilib, harakat qilishi kerak.
فَاتَّقُوا اللَّهَ مَا اسْتَطَعْتُمْ
“Allohdan qo‘rqing (taqvo qiling) — qo‘lingizdan kelganicha.”
Ya’ni bu ishni faqat domlalar, masjid imomlari yoki rahbarlarning ishi deb o‘tirish to‘g‘ri emas. Har bir inson o‘zi uchun mas’ul.
Rasululloh aytdilarki:
كُلُّكُمْ رَاعٍ وَكُلُّكُمْ مَسْؤُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ
Har biringiz boshliqsiz va har biringiz qo‘l ostidagilardan mas’ulsiz.
Keyin u zot har birini alohida aytib berdilar. Masalan, ayol kishi erining moliga mas’ul, cho‘pon esa o‘z xo‘jayinining qo‘ylariga mas’ul.
Shu darajada har bir insonning o‘z mas’uliyati bor. Qo‘l ostidagilardan albatta so‘raladi.
Shuning uchun biz avvalo o‘zimizni, keyin farzandlarimizni, ahli ayolimizni, va gapimiz o‘tadigan insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga harakat qilishimiz kerak.
TikTok bo‘ladimi yoki boshqa narsa — bu ma’rufga buyurish va yomonlikdan qaytarish masalasidir. Bu esa chiroyli so‘z bilan, hikmat bilan, yaxshi muomala bilan va tushuntirish bilan amalga oshiriladi.
Ayol kishi erini munkardan qaytarishi ham xuddi shunday bo‘lishi kerak. Uni darrov hajr qilib qo‘yish bilan emas. Chunki ertaga hajr qilib, o‘zi hajr bo‘lib qolib ketishi mumkin. Bu esa hikmat emas.
Agar ayol “Men hajr qilaman, chunki erim TikTok ko‘radi” desa, erining jahli chiqib, “bo‘ldi, bor, o‘zing taqvoni qilaver” deb javob berishi mumkin. Natijada er-xotin o‘rtasi buzilib ketadi.
Bu degani ayol erining gunohiga indamay yashasin degani emas.
Bu degani — hikmat ishlatilsin.
Ayol kishi erini munkardan qaytarishda farosat bilan, juda katta hikmat bilan, chiroyli muomala bilan uni to‘g‘ri yo‘lga boshlash yo‘llarini topishi kerak.
Bizda bekorga aytilmagan: erni er qiladigan ham xotin, qaro er qiladigan ham xotin.
Demak, bu masalada ayol kishida albatta katta hikmat bo‘lishi kerak.
Vallohu a’lam.