Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Har xil >Umar raziyallohu anhu o‘g‘rining qo‘lini kesishni vaqtincha to‘xtatib turganmi?

Umar raziyallohu anhu o‘g‘rining qo‘lini kesishni vaqtincha to‘xtatib turganmi?

Nashr sanasi: November 2, 2026

Savol :

Ustoz, Umar roziyallohu anhu xalifalik davrlarida o‘g‘rining qo‘lini kesish jazosini vaqtincha to‘xtatib turganlari haqida sahih xabarlar kelganmi? Agar sahih bo‘lsa, buni qanday tushunish mumkin? Axir Allohning qonunlarini o‘zgartirish joiz emas-ku?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Ha, bu haqda ishonchli xabarlar kelgan. Haqiqatan ham, Umar roziyallohu anhu davrlarida shunday holat bo‘lgan.

 Bismillah,

Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin

Ha, bu haqda ishonchli xabarlar kelgan. Haqiqatan ham, Umar roziyallohu anhu davrlarida shunday holat bo‘lgan.

Umar roziyallohu anhuning bu ishlari aynan Allohning hukmiga amal qilish hisoblanadi. Chunki aslida o‘g‘rining qo‘lini kesish jazosini amalga oshirishning shartlari bor.

Biror kishi o‘g‘irlik qilsa, bo‘ldi, darhol qo‘li kesiladi, degani emas. Buning shariatda belgilangan shartlari mavjud.

Masalan, agar bir kishi qattiq muhtojlik sababli o‘g‘irlik qilgan bo‘lsa, ya’ni ochlikdan halok bo‘lish xavfi ostida qolib, o‘z hayotini saqlab qolish uchun biror narsani olgan bo‘lsa, bunday holatda uning qo‘li kesilmaydi. Chunki bu yerda zarurat va majburiyat holati mavjud.

Shariatda hudud, ya’ni Alloh taolo tomonidan belgilangan jazolarni ijro qilish uchun ham muayyan shartlar qo‘yilgan. Ulardan biri — jazoni qo‘llashga to‘sqinlik qiladigan shubhalar bo‘lmasligi kerak.

Masalan, bir kishi biror joydan narsa olgan bo‘lsa-yu, o‘sha narsaga uning ham haqqi bo‘lishi ehtimoli mavjud bo‘lsa, bu holatda shubha bor.

Yoki bir kishi ko‘chada yotgan narsani olib ketsa, bu ham darhol qo‘l kesish jazosi qo‘llanadigan o‘g‘irlik hisoblanmaydi. Albatta, birovning yo‘qolgan molini olishning ham alohida shar’iy hukmlari bor. Lekin har qanday birovga tegishli narsani olish qo‘l kesish jazosi qo‘llanadigan o‘g‘irlik degani emas.

Shunga o‘xshash, shariat tomonidan belgilangan boshqa shartlar ham mavjud.

Bu borada mashhur qoida bor:

ادْرَؤُوا الْحُدُودَ بِالشُّبُهَاتِ

«Shubhalar mavjud bo‘lganda hadd jazolarini qo‘llashdan saqlaninglar».

Bu lafz hadis sifatida ham rivoyat qilingan, ammo uning Rasululloh ﷺga nisbat berilgan rivoyatlarining sahihligi borasida muhaddislar o‘rtasida ixtilof mavjud. Shunga qaramay, shubhalar sababli hadd jazosini qo‘llamaslik fiqhda e’tiborga olingan qoidadir.

Demak, hukmni qo‘llashga ta’sir qiladigan shubha mavjud bo‘lsa, masala aniqlashtirilmaguncha hadd jazosi ijro qilinmaydi.

Umar roziyallohu anhu davrlarida yuz bergan voqea ham mana shu masalaga taalluqlidir.

U zotning xalifalik davrlarida qattiq ocharchilik yuz bergan. Odamlar og‘ir ahvolga tushib qolganlar. Bunday vaziyatda o‘g‘irlik qilgan kishining zarurat sababli shu ishga qo‘l urgan bo‘lishi ehtimoli mavjud edi.

Shuning uchun Umar roziyallohu anhu ocharchilik davrida o‘g‘irlik uchun qo‘l kesish jazosini qo‘llamaganlar.

Lekin bu «Muhtoj odam xohlagan narsasini o‘g‘irlayverishi mumkin», degani emas.

Bu yerda oddiy muhtojlik bilan insonning hayotiga xavf tug‘diradigan darajadagi zaruratni farqlash kerak.

Masalan, bir kishi ochlikdan halok bo‘lish xavfi ostida qolsa va hayotini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan narsani olsa, uning holati odatiy o‘g‘irlikdan farq qiladi.

Bunday vaziyatda hukumatning ham mas’uliyati bor. Avvalo, muhtoj kishilarning ehtiyojlarini qondirish, ularni ochlikdan saqlash va zarur yordamni ko‘rsatish kerak.

Umar roziyallohu anhu ham aynan mana shu masalalarni hisobga olganlar.

Buni boshqa shar’iy hukmlar misolida ham tushunish mumkin.

Masalan, juma namozining farz bo‘lishi uchun ma’lum shartlar mavjud. Agar bu shartlar topilmasa, juma namozi muayyan kishiga farz bo‘lmaydi.

Safarda bo‘lgan kishiga juma namozi farz emas. Shuningdek, hayit namozining ham o‘ziga xos hukmlari va shartlari mavjud.

Bu Allohning hukmini o‘zgartirish degani emas. Aksincha, Alloh belgilagan hukmni Uning O‘zi belgilagan shartlar asosida amalga oshirishdir.

Xuddi shuningdek, o‘g‘rining qo‘lini kesish jazosi ham muayyan shartlar mavjud bo‘lgandagina qo‘llanadi.

Agar bu shartlar topilmasa yoki jazoni qo‘llashga to‘sqinlik qiladigan shar’iy shubha mavjud bo‘lsa, hadd jazosi ijro qilinmaydi.

Umar roziyallohu anhu davrlarida ocharchilik bo‘lgan. Odamlar qattiq muhtojlikka tushganlar. Shunday vaziyatda o‘g‘irlik uchun qo‘l kesish jazosini qo‘llashga to‘sqinlik qiladigan holatlar mavjud bo‘lgan.

Shuning uchun Umar roziyallohu anhu bu jazoni ocharchilik sharoitida qo‘llamaganlar.

Demak, Umar roziyallohu anhu Allohning hukmini bekor qilmaganlar va uni o‘zgartirmaganlar. Balki Allohning hukmini shariat belgilagan shartlar va holatlarni hisobga olgan holda to‘g‘ri tatbiq qilganlar.

Chunki shariatda biror hukmning mavjud bo‘lishi boshqa, o‘sha hukmni muayyan holatda amalga oshirish uchun zarur shartlarning topilishi boshqa masaladir.

Allohning hukmini to‘g‘ri qo‘llash — uning shartlari va to‘sqinlik qiluvchi sabablarini ham hisobga olish demakdir.

Allohu a’lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

1

  • Telefon nasiya savdosi bilan shug‘ullanadigan kishining savoli.

    September 2, 2026
  • Hisob raqamdagi pulni firma orqali naqd qilishga oid savol.

    September 1, 2026
  • Spirtli ichimliklar bor uyda yashash va namoz o‘qish.

    August 31, 2026
  • Erkaklarga qaynana va qaynatalari borasida nasihat qiling.

    August 11, 2026
  • Mariya deb ism qo‘yish joizmi?

    August 11, 2026
  • “Kasallikdan tuzalsam, har kuni bir varaqdan Qur’on o‘qiyman”, deb nazr qilgan kishining savoli.

    August 11, 2026