Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Endi bu hammamizda bor muammo — eslab qolish masalasi. O‘zimni ham shu narsa qiynaydi. Ko‘p narsalar esdan chiqib ketadi. O‘qigan narsalarimiz aslida ko‘p ham emas, lekin o‘sha o‘qiganimizni ham eslab qolish qiyin bo‘ladi. Masalan, Qur’onni yodda tutish, tafsirlarini, ismlar, siyratlar, sanalar — baribir insondan chiqib ketaveradi.
Chunki inson — unutuvchi.
Imom Buxoriy rahimahullohdan: “Qanday qilsak ilmni eslab qolamiz?” deb so‘ralganda, kulib:
“Men yigit kishiga takror qilishdan boshqa maslahat bera olmayman”, deganlar.
Bekorga aytilmagan:
“Mulla bo‘lsang — takror qil, dehqon bo‘lsang — shudgor qil.”
Demak, bu narsa ko‘proq takror qilish va e’tiborni kuchaytirish bilan bo‘ladi.
E’tibor masalasiga kelsak: ko‘pchilikda zehin bor, lekin fikr tarqoq. Sababi — hozirgi zamondagi chalg‘ituvchi narsalar: TikTok, qisqa videolar, turli-tuman kontentlar. Bu narsalar insonning fikrini bo‘lib yuboradi, jamlanishiga to‘sqinlik qiladi.
Shuning uchun bunday narsalarni kamaytirib, inson o‘z fikrini bir joyga jamlashga harakat qilishi kerak. Arabchada bu “tarkīz” (markazlashtirish) deyiladi.
Aql ham xuddi mushak (muskul) kabi:
Masalan, birinchi kuni 10 kg ko‘tarasiz, keyin 15, 20… vaqt o‘tib katta vaznlarni ham ko‘tara olasiz. Polvonlar ham birdan 500 kg ko‘tarmaydi — asta-sekin mashq bilan yetadi.
Aql ham shunday: asta-sekin chiniqadi, kuchayadi. Buning uchun mashq va sabr kerak.
Keyin esa Allohdan so‘raymiz:
Alloh taolo qalblarimizni ochsin, fahm bersin, zehnimizni ziyoda qilsin. Tolibi ilmlarga foydali ilm bersin. Hammamizga dinni to‘g‘ri tushunishni nasib qilsin.
Albatta, Alloh tushuntirsa — tushunamiz, Alloh tavfiq bersa — muvaffaq bo‘lamiz.
Alhamdulillah, siz darslardan foydalanayotgan bo‘lsangiz — bu Allohning tavfiqi. Alloh sizni mukarram qilsin, sizni dinni tushunib amal qiladigan faqih toliblardan qilsin.
Allohumma āmīn.