Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Bu masala guvohlikning maqsadini tushunish bilan bog‘liq.
«Allohni guvoh qildim», deyishning o‘zi yetarli emas. Chunki Alloh taolo aslida har narsaga guvohdir. Hech kim Allohni guvoh qilmasa ham, Alloh barcha ishlarni ko‘rib turadi.
Lekin shariatda guvoh keltirishdan maqsad — keyinchalik ixtilof chiqib qolsa, haqqiqatni aniqlash va odamlarning haqlarini saqlashdir.
Masalan, qarz masalasida tortishuv chiqsa, guvohlar chaqiriladi va ular: «Ha, bu qarz bo‘lgan edi», deb guvohlik beradilar.
Ammo: «Allohni guvoh qilgan edik», deyilsa, dunyoviy hukm va muomalalarda bundan maqsad hosil bo‘lmaydi. Chunki Alloh taoloni mahkamaga chaqirib, guvohlik oldirib bo‘lmaydi.
Shuning uchun Alloh taolo:
﴿وَاسْتَشْهِدُوا شَهِيدَيْنِ مِنْ رِجَالِكُمْ﴾
«O‘zlaringizdan ikki erkak kishini guvoh qilinglar»
deb buyurgan.
Agar ikki erkak topilmasa, bir erkak va ikki ayol guvoh bo‘lishi zikr qilingan. Bularning barchasi odamlarning haq-huquqlari zoye bo‘lib ketmasligi uchun buyurilgan.
Ba’zi ulamolar qarzni yozib qo‘yish va guvoh keltirishni mustahab, deb aytganlar. Bunga Baqara surasidagi keyingi oyatlarni dalil qiladilar. Chunki agar tomonlar bir-birlariga to‘liq ishonch bildirgan bo‘lsalar, yozmasdan ham muomala qilish mumkinligi oyatdan tushuniladi.
Ammo agar guvoh keltiriladigan bo‘lsa, shariat buyurgan guvohlar keltiriladi. «Alloh guvoh», deb insonlar guvohligi o‘rnini bosib bo‘lmaydi.
Xuddi nikohda ham shunday. Agar ikki kishi: «Alloh guvoh, farishtalar guvoh», deb inson guvohlarsiz nikoh o‘qisalar, shariat talab qilgan guvohlik o‘rniga bu yetarli bo‘lmaydi.
Albatta, Alloh ham guvoh, farishtalar ham guvoh. Qiyomat kuni ular barcha amallarga guvohlik beradilar. Lekin dunyoviy muomalalarda Alloh taolo bizga ma’lum shartlarga ega bo‘lgan inson guvohlarni keltirishni buyurgan.
Buning hikmati esa — odamlarning haqlari zoye bo‘lib ketmasligi va nizolar oldi olinishi uchundir.
Vallohu a’lam.