Bismillah, alhamdulilloh, vassalatu vassalam ‘ala rasulillahi va ba’d.
Aslida mazhabga ergashish uchun odamga ilm kerak. “Faqat bitta mazhabni olish kerak, boshqasiga qaramaslik kerak” degan narsaga dalil yo‘q. Hech kim bu fikrga qat’iy dalil ko‘rsatib bera olmaydi. Bu dalilsiz va mantiqsiz gap.
Masalan, 10 ta mujtahid olim turgan bo‘lsa, “faqat bittasinikini ol, qolganiga qarama” deyishning ma’nosi nima? Ya’ni bitta olim tushunganini sen tushunasan-u, boshqalarini tushunmaysan, degandek bo‘ladi. Agar birini tushunsang, boshqasinikini ham tushunasan. Birini tushunmaydigan odam boshqa mujtahidnikini ham tushunmaydi.
Demak, aslida mujtahidga ergashadigan odam ilmli bo‘lishi kerak. Agar ilmli bo‘lmasa, u avom hisoblanadi. Avom odam mazhabga emas, balki ahli zikrga – olimlarga ergashadi. Alloh taolo Qur’onda:
“Fas’alu ahla zikri in kuntum la ta’lamun” – “Agar bilmasangiz, ahli zikrdan so‘rang”,deb marhamat qilgan.
Shu sababli avom odam ustozidan so‘raydi: “Agar bunday qilsam nima bo‘ladi?” Ustoz esa: “Bizning mazhabimizda bunday” desa, o‘sha unga mazhab bo‘lib qolaveradi. Avom odam o‘zi tafriq qila olmaydi, faqat ustozining ko‘rsatmasiga amal qiladi. Shuning uchun avomning mazhabi – uning muftisi yoki ustozidir.
Ammo ilmli odam bo‘lsa, mazhablar orasidan dalillarni ajratib, illatlari bilan birga tushunib, yechim bera oladi. Agar o‘zi bilmasa, boshqa biladiganlardan so‘raydi. Alloh taolo bu ummatdan haqni ko‘rsatadigan olimlarni doimo chiqarib turadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“La tazalu toifatun min ummati zoohirina ‘ala-l-haqq” – “Ummatimdan bir toifa doimo haqda sobit turadi”, deb aytganlar.
Savolning ikkinchi qismiga kelsak: “Tahoratni boshqa mazhab bo‘yicha olib, namozni boshqa mazhab bo‘yicha o‘qisa bo‘ladimi?” – bu mantiqsiz savol. Chunki tahoratni qayerdan o‘rgansangiz, namozni ham o‘sha joydan o‘rganasiz. Agar tahorat masalasini bitta mazhabdan o‘rganishga qodir bo‘lsangiz, namozni ham o‘sha mazhabdan o‘rganishingiz mumkin. Demak, “birini tushunib, boshqasini tushunolmayman” deyish noto‘g‘ri.
Sahobalar davrida ham bunday chegaralash bo‘lmagan. Kim ilmni Ibn Abbosdan olgan bo‘lsa, keyin Oysha onamizdan ham olaverardi, boshqa sahobalardan ham so‘rardi. Hech kim: “Sen Ibn Abbosdan olding, endi boshqa sahobalardan so‘ramagin” demagan.
Shuning uchun musulmon odam ahli zikrdan, ya’ni olimlardan so‘rashi va ilm izlashda davom etishi kerak. Kim dalilni tushunsa, o‘sha bilan amal qiladi. Agar tushunmasa, ustozi yoki olimning fatvosiga ergashadi.
Bugun ba’zi odamlar bitta narsani olib, shuni ustiga do‘stlik va dushmanlikni qurmoqda. Kim “bizning mazhabimizdandir” desa do‘st, boshqasi dushman bo‘lib qolmoqda. Bu esa ummatni bo‘lib tashlaydi.
Haramda esa butun dunyo musulmonlari kelib, bir imom ortida turib namoz o‘qishadi. Hamma turlicha mazhabdan bo‘lsa-da, hech kim bir-birini ayblamaydi. Demak, aslida muammo yo‘q. Biz ham o‘zimizni masjidlarda bir-birimizni ayblamasligimiz kerak.
Robbimiz bitta, Payg‘ambarimiz bitta, Qiblamiz bitta, Kitobimiz bitta bo‘lsa, Alloh taologa ibodat qilaveramiz. Ammo odamlarni “sen falon mazhabsan, sen vahhobiy, sen salafiy, sen yomon” deb bo‘lib tashlash – bu ilmiy ham emas, adolatli ham emas.
Allohu a’lam.