Ustoz, “insonning rizqi yozilgan” deyiladi. Shunday bo‘lsa, kimga uylanishimiz ham taqdirda yozib qo‘yilganmi? Harakat qilib, orzudagimizni topishga intilish to‘g‘rimi? Ba’zan nimadir nasib bo‘lmasa, “yaxshi harakat qilmaganim uchun bo‘ldi” deb o‘zimni ayblayman. Shu to‘g‘rimi?
Bu juda muhim savol. Islomda “sababiyat qonuni” bor – ya’ni Alloh taolo dunyodagi har bir ishni sababga bog‘lab yaratgan. Rizq, farzand, sog‘lik, nikoh – hammasi sabablar orqali amalga oshadi.
Misol: Maryam onamizga xurmo tushishi uchun daraxtni silkitishni, Muso alayhissalomga esa asosi bilan dengizni urishni buyurgan. Bu – Alloh hatto mo‘jizalarni ham sabab orqali ro‘yobga chiqarishini bildiradi.
Demak, harakat qilish bizga buyurilgan. Bu Allohning sinovi. Kimdir uylanish uchun harakat qiladi – Alloh taqdir qilsa, ro‘y beradi. Taqdir qilinmagan bo‘lsa, ro‘y bermaydi. Lekin inson sabablarni tashlab, “baribir yozilgan bo‘lsa, nima qilaman” deb yotib olmasligi kerak.
Shuning uchun siz orzu qilgan inson bilan turmush qura olmasangiz ham, bu siz yomon harakat qilganingizdan bo‘lmasligi mumkin. Balki Alloh siz uchun yaxshiroq, munosibroq kishini taqdir qilgan bo‘lishi mumkin.
Xulosa:
Nikoh ham rizq – taqdirda yozilgan. Lekin unga erishish uchun sabablarni qilish bizning burchimiz. Agar harakat qildik-u, natija bo‘lmadi – demak, Alloh boshqacha taqdir qilgan. O‘zingizni ayblamang – Allohga tavakkul qiling.
Vallohu a‘lam.