Bismillahir rohmanir rohiym. Alhamdulillah, vassalatu vassalamu ‘ala Rasulillah, amma ba’d.
Ilo masalasida, aslida erga to‘rt oy muddat berilgan – uch oy emas. Agar er “to‘rt oy davomida xotinim bilan yaqinlik qilmayman” deb qasam ichsa, shariat bunga ruxsat bergan. Ammo to‘rt oydan oshib ketsa, qozi chaqiradi: “Yo qasamingni buz, yo taloq ber,” – deydi.
Agar er qasamini buzsa, qasamining kafforatini berishi lozim. Ammo u qasamida turib olsa, xotiniga taloq berishi kerak bo‘ladi. Ya’ni bu holatda qasam xotini bilan yaqinlik qilmaslikka sabab bo‘lgan bo‘lsa, shunday hukm bo‘ladi.
Ammo erning xotini bilan yaqinlik qilmasligining sababi qasam bo‘lmasa – masalan, u boshqa davlatga ishlash uchun ketgan bo‘lsa – bu holatda taloq tushmaydi. Masalan, ayrim erkaklar Koreya yoki boshqa davlatlarga ishlashga ketadi, yillab qolib ketadi. Agar xotin sabr qilib kutsa, bu holatda hech qanday shar’iy muammo bo‘lmaydi.
Ba’zilar aytadi: “To‘rt oy nafaqasiz yoki to‘shaksiz qoldirilsa, taloq tushadi” – bu noto‘g‘ri. Taloq o‘z-o‘zidan tushmaydi.
Agar er xotini bilan urishib, uni tashlab ketgan bo‘lsa va to‘rt oydan oshsa, bu holatda xotin qoziga borib, erining unga huquqiy jihatdan (moliyaviy yoki jismoniy) haqqini bermayotganini bildirib, nikohni bekor qilishni talab qilish huquqiga ega.
Bu holatda qozi aralashadi. Qozining vazifasi – xotinning talabiga javob berish. Qozining oldiga erni chaqiradi va shunday deydi: “Xotining shikoyat qildi, endi xotiningni oldiga qaytib, er-xotinlikni davom ettir, yoki talog‘ini ber.”
Lekin avtomatik tarzda, o‘z-o‘zidan taloq tushmaydi. Qozi chaqirib, erdan izoh oladi va agar er rozilik bermasa, o‘sha taloqni qozining qarori orqali amalga oshiradi.
Hozirgi zamonda esa qozilar yo‘q. Odamlar bir-birining oilaviy hayotiga aralashishni istamaydilar. Bu katta muammolardan biri. Shu bois, hozirgi zamonda bu masala muammoli.
Nima qilish kerak? Agar er xotinini tashlab ketgan bo‘lsa, xotin erining akasi, valiylari yoki nikoh paytida ishtirok etgan odamlar orqali uni bu yerga chaqirtiradi. Isloh qilishga harakat qilinadi: “Yaxshi yashang, odamga o‘xshab yashang, bo‘lmasa talog‘ini ber,” – deyishadi. Bosim o‘tkaziladi, maslahatlar beriladi. Shunday choralar bilan muammoni hal qilish kerak.
Bundan boshqa yo‘l bilan – masalan, o‘z-o‘zidan taloq tushib qolmaydi. Iloji yo‘q bo‘lsa, er taloq berishi kerak. Aks holda, hech kim chiqib: “Men orani ochdim, taloq bo‘ldi,” deb e’lon qila olmaydi. Bu – eng oxirgi chora bo‘lib, shartli va rasmiy tartibda faqat qozi yoki vakillar orqali bo‘lishi kerak.
Vallohu a’lam.