Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Nikoh >Nega ba’zi erkaklar Rasululloh ﷺning ko‘pxotinlilik sunnatini olishadi-yu, uy ishlari va ayoliga mehr ko‘rsatish sunnatini unutishadi; ayol eriga itoat qilishi kerak deyiladi, lekin bu itoatning ham chegarasi bormi, er nohaq bo‘lsa ham ayol jim turishi kerakmi?

Nega ba’zi erkaklar Rasululloh ﷺning ko‘pxotinlilik sunnatini olishadi-yu, uy ishlari va ayoliga mehr ko‘rsatish sunnatini unutishadi; ayol eriga itoat qilishi kerak deyiladi, lekin bu itoatning ham chegarasi bormi, er nohaq bo‘lsa ham ayol jim turishi kerakmi?

Nashr sanasi: May 15, 2025

Savol :

Ustoz, xorijda ilm o‘rganib, yashab yurgan yosh oilalarda ko‘pincha er ham, ayol ham o‘qiydi. Farzandlari yosh va ketma-ket tug‘ilgan. Lekin erkaklar uy ishlarini, bolalarni to‘liq ayol zimmasiga yuklab qo‘yishadi. Ayol esa bunga ulgurmay qiynaladi. Ustiga ustak, er o‘ziga e’tibor talab qiladi.

Savolim: nega erkaklar Rasululloh ﷺning ko‘pxotinlilik jihatini o‘zlariga oladi-yu, u zotning ayollariga yordam bergan, echki sog‘gan, uy ishlariga qarashgan jihatlarini olmaydi?

Yana bir savol: ayol eriga itoat qilishi kerak, deyiladi. Ammo bu itoatning chegarasi bormi? Masalan, er xotinini asossiz haqorat qilsa, u jim turib indamay yurishi kerakmi?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Erkak — oilaning boshlig‘i, ammo bu mehrsiz hukmronlik qilish degani emas. Ayol — eriga itoatda bo‘ladi, lekin bu nohaqlikka chidayverish degani emas. Ikki tomon ham o‘z o‘rnini, haqlarini, vazifasini tushunsa, oila mustahkam bo‘ladi.

Bismillah,

Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.

Bu, afsuski, ko‘pchilik erkaklardagi muhim kamchiliklardan biridir. Aksariyat jamiyatlarda, xususan, bizning o‘zbek muhitida “Erkak uy ishiga aralashsa, o‘ziga pastlik qiladi”, degan johilona tushuncha mavjud. Bu fikr — na shariatga, na Rasululloh ﷺning hayotiga to‘g‘ri keladi.

Rasululloh ﷺ o‘z uylarida ayollariga yordam berar edilar. Hadislarda aniq kelgan: “U zot echki sog‘ar, kiyimini tikar va ahli xonadoniga xizmat qilar edilar.” (Imom Ahmad, Tirmiziy)

Afsuski, ko‘pchilik erkaklar sunnatdan ko‘pxotinlilikni oladi-yu, uydagi mas’uliyat, mehr, yordam, sabr va xizmat tomonini ololmaydi. Holbuki, Rasululloh ﷺning sunnati — bu uyda rohimli, yumshoq va adolatli bo‘lish, xotiniga yordam berish, mehr ko‘rsatishdir.

Er ayolidan hurmat kutayotgan bo‘lsa, o‘zi ham ayolga hurmat ko‘rsatishi kerak. Alloh taolo Qur’onda ayollar haqida shunday deydi:

“Ular qandayki sizning zimmangizda haqlari bo‘lsa, sizning ham ular zimmasida haqlaringiz bor.”(Baqara: 228)

Ba’zi erkaklar ayollarini xususiy holatda muloyim gapirib, odamlar oldida haqoratlashadi, hatto ota-onasini kamsitishadi. Bu — ochiq zulmdir. O‘z xotinining qarindoshlariga hurmatsizlik qilib, undan o‘z qarindoshlariga hurmat talab qilish — bu ikkiyuzlamachilikdir.

Ayol eriga itoat qilishi shariatda buyurilgan. Biroq bu itoat zulmga rozi bo‘lish degani emas. Ayol insondir. Unga ham hurmat, himoya va e’tibor lozim. Erkak o‘zini erkak deb o‘ylasa, o‘z oilasiga adolatli bo‘lsin, nafrat emas, mehr va mas’uliyat ko‘rsatsin.

Biz ayollarga: “Birdan og‘ziga yopishtiring, qarshi turing!” demaymiz. Lekin haq-huquqini bilish, sabr bilan, yumshoqlik bilan o‘z chegarasini chizib qo‘yish — bu ham aqlli musulmon ayolning sifati.

Ayni paytda erkaklarga ham eslatamiz:

Ey erkaklar, zulm qilmanglar. Zulmni Alloh jazolamasdan qo‘ymaydi.
Rasululloh ﷺ aytdilar: “Zulm zulmatdir Qiyomat kunida.” (Buxoriy)


Xulosa:

  • Erkak — oilaning boshlig‘i, ammo bu mehrsiz hukmronlik qilish degani emas.

  • Ayol — eriga itoatda bo‘ladi, lekin bu nohaqlikka chidayverish degani emas.

  • Ikki tomon ham o‘z o‘rnini, haqlarini, vazifasini tushunsa, oila mustahkam bo‘ladi.

Vallāhu a‘lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

1

  • Nikoh paytida oila qurayotganlarni tanimaydigan kishilarning guvohligi o‘tadimi?

    June 4, 2025
  • Xulu‘ orqali ajrashgan ayol eriga qayta turmushga chiqishi joizmi?

    June 4, 2025
  • Qaynota kelinga mahrammi? Uning oldida ro‘molsiz yurish va yolg‘iz qolish mumkinmi?

    June 3, 2025
  • O‘gay qiz erga mahram bo‘ladimi?

    June 3, 2025
  • Ayol kishi erining ruxsatisiz ishlashi joizmi?

    June 3, 2025
  • Ayolning “Mahringizni qaytarib oling” degan so‘zi xulu’ sanaladimi? Ajrimdan keyin er uyida yashash joizmi?

    June 2, 2025