Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Bo’lishi mumkin. Jinlar va shaytonlar albatta odamlarni vasvasaga soladi, yo’ldan ozdirishga harakat qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki, shayton har kuni suv ustiga taxtini qo’yadi va askarlarini yuboradi: “Boringlar, odamlarni yo’ldan ozdiringlar”, deydi. Keyin ular qaytib kelib qilgan ishlarini aytadilar.
Biri: “Men falonchini gunohga soldim”, deydi. Shayton: “Hali hech narsa qilmabsan”, deydi.
Boshqasi: “Men bir odamni kufrga boshladim”, deydi. Shayton yana: “Hali hech narsa qilmabsan”, deydi.
So’ng bittasi kelib: “Men er bilan xotinning orasini buzib, ularni ajrashtirdim”, deganida, shayton uni o’ziga yaqinlashtirib: “Ha, mana sen haqiqiy ish qilding”, deb maqtaydi.
Demak, er-xotinning orasini buzish shaytonning eng katta maqsadlaridan biridir.
Lekin bu bahona emas. “Shayton sababchi bo’ldi”, degani odam javobgarlikdan qutuladi, degani emas. Odam qilgan amali uchun o’zi javob beradi. Shayton vasvasa qiladi, lekin majburlamaydi.
Shuning uchun har bir gunohni: “Shayton qildirib qo’ydi”, deb qo’yish to’g’ri emas. Ha, shayton sababchi bo’lishi mumkin, ammo inson o’z ixtiyori bilan qilgan ishiga javobgardir.
Ba’zan odamlar bu masalada haddan oshib ketishadi. Hamma narsani jin va shaytonga bog’layverishadi. Masalan, kimdir bir necha kun uyiga kelmay qolsa: “Jinlar olib ketibdi”, deydi. Yoki ikkinchi xotin olgan bo’lsa ham: “Jinlar o’qitib qo’ygan ekan”, deydi. Bunday gaplarga ishonish to’g’ri emas.
Jin va shaytonlarni ortiqcha ulug’lash ham xato. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: odam qoqilib ketsa ham shaytonni so’kmasin. Chunki shayton bundan xursand bo’lib, o’zini katta his qiladi. Aksincha, “Bismillah” deb Allohdan panoh so’rasa, shayton xor va kichik bo’lib qoladi.
Shuning uchun ularga ortiqcha ahamiyat bermaslik kerak.
Yana bir muhim masala bor. Ba’zi ruqiya qiluvchilar yoki hijoma qiluvchilar har bir oilaviy muammoni sehr yoki jin bilan bog’lashadi. Er-xotin urishib qolsa: “Sehr bo’lgan”, deydi. Darrov ruqiya qilish kerak, deydi.
Holbuki, muammo boshqa joyda ham bo’lishi mumkin. Ehtimol, er o’z vazifasini bajarmagandir. Ehtimol, xotin o’z vazifasini bajarmagandir. Yoki inson shaklidagi shaytonlar — oilalarni buzadigan, er-xotin orasiga nifoq soladigan odamlar sababchi bo’lgandir.
Shayton ba’zan o’zi qilolmagan ishni ana shunday insonlar orqali qiladi.
Shuning uchun hamma narsani jin va shaytonga bog’lab yubormaslik kerak. Biz o’zimiz zim-mamizdagi vazifalarni ado qilsak, Allohning izni bilan ularning nayranglari bizga zarar bera olmaydi.
Vallohu a’lam.