Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Har xil >Jannatiy inson qiyomatda yaxshi ko‘rganini shafoat qilishi haqidagi hadisni qanday tushunamiz?

Jannatiy inson qiyomatda yaxshi ko‘rganini shafoat qilishi haqidagi hadisni qanday tushunamiz?

Nashr sanasi: June 21, 2026

Savol :

Ustoz, ayrim joylarda shunday rivoyat tarqalgan: Qiyomat kuni bir inson jannat eshigiga kelib:

“Ey Alloh, men dunyoda yaxshi ko‘rgan bir inson bor edi. Agar u jannatga kirmasa, men ham kirmayman,” der ekan.

Shunda Alloh taolo:

“Bandam qul bo‘la turib, bandamni unutmapti. Men esa bandamni undan ham ko‘proq unutmayman,” deb ikkovlarini ham jannatga kiritar ekan.

Shu rivoyat to‘g‘rimi? Ayrim yigit-qizlar ijtimoiy tarmoqlarda shu kabi gaplarni dalil qilib, bir-birlariga sevgi izhor qilmoqdalar. Agar bu noto‘g‘ri bo‘lsa, yoshlarga nasihat qilsangiz.

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Bu rivoyatning aslini va sahihligini bilmayman. Lekin shariatdagi aniq va sahih dalillarga qaraydigan bo‘lsak, har bir inson o‘z amali uchun javob beradi.

Bismillah,

Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.

Bu rivoyatning aslini va sahihligini bilmayman. Lekin shariatdagi aniq va sahih dalillarga qaraydigan bo‘lsak, har bir inson o‘z amali uchun javob beradi.

Jannatga kirish yoki kirmaslik Allohning hukmi bilan bo‘ladi. Biror kishi: “Men falonchi jannatga kirmaguncha jannatga kirmayman,” deb turib olib, boshqa bir insonni jannatga kiritib yuborishi haqida men biladigan sahih dalil yo‘q.

Shafoat masalasiga kelsak, shafoat Allohning izni bilan bo‘ladi. Hech kim o‘zicha shafoatchi bo‘la olmaydi. Alloh taolo kimga izn bersa, o‘sha shafoat qiladi.

Alloh taolo:

فَمَا تَنْفَعُهُمْ شَفَاعَةُ الشَّافِعِينَ

“Shafoatchilarning shafoati ularga foyda bermaydi.”

(Muddassir, 48)

degan.

Masalan, kofir yoki munofiq bo‘lgan kishiga shafoat foyda bermaydi. Gunohkor mo‘minlarga esa Alloh taolo xohlasa va izn bersa, ayrim bandalar shafoat qilishi mumkin.

Shuning uchun: “Biz bir-birimizni yaxshi ko‘ramiz, qiyomat kuni ham bir-birimizni jannatga olib kiramiz,” degan gaplarni dalil qilib olish to‘g‘ri emas.

Bundan ham xavflisi, ayrimlar shu kabi hikoyalarni bahona qilib, nomahramlar o‘rtasidagi munosabatlarni oqlashga harakat qiladilar. Go‘yoki harom yo‘llar bilan yurilgan muhabbat keyinchalik jannatga sabab bo‘lar emish. Bu noto‘g‘ri tushuncha.

Tarix davomida ba’zi kishilar ishq-muhabbat haqidagi qissalarni, Layli va Majnun kabi hikoyalarni haddan tashqari ulug‘lab, hatto ma’siyat va fujurga eshik ochib berganlar.

Yana ayrim to‘qima gaplarda:

“Kim ishqda o‘lsa, shahid bo‘ladi,”

degan da’volar ham uchraydi. Bunday gaplar sahih dalillarga asoslanmagan.

Agar ikki inson bir-birini yaxshi ko‘rsa, buning shar’iy yo‘li bor — nikoh. Ammo nomahram bo‘la turib, ishqiy suhbatlar qilish, harom munosabatlar yuritish va keyin buni: “Muhabbatimiz uchun jannatda ham birga bo‘lamiz,” deb oqlash mumkin emas.

Shaytonning hiylalaridan biri ham shu — inson qilayotgan gunohini unga chiroyli qilib ko‘rsatadi va unga turli bahonalar topib beradi.

Mo‘min inson bunday shubhalarga aldanmasligi kerak.

Alloh taolo shariatni bizga bekorga tushirmagan. U Zot nimani buyurgan bo‘lsa, unda yaxshilik bor. Nimadan qaytargan bo‘lsa, unda zarar bor.

Biz Rasululloh ﷺ ko‘rsatgan aniq yo‘lga ergashishimiz kerak. Halol aniq, harom ham aniq.

Nomahram bilan ishqiy suhbatlar, sevgi-muhabbat bahonasida harom munosabatlar yuritish joiz emas.

Shuni yaxshi tushunib olish kerakki, harom asosiga qurilgan muhabbat inson uchun shafoatchi bo‘lib qolmaydi. Najot esa Allohning rahmati va Rasululloh ﷺ ko‘rsatgan yo‘lga ergashish bilandir.

Vallohu a’lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

2

  • Tunda ishlash xatomi?

    July 25, 2026
  • “Dinda haraj yo‘q” deyish bilan sustkashlik chegarasi.

    July 24, 2026
  • Gigienaga amal qilish hukmi.

    July 24, 2026
  • Erim vatanda qolgan onamni ziyorat qilishga yubormaydi…

    July 24, 2026
  • Urfga ko‘ra ota uyi kichik farzandga qolishi to‘g‘rimi?

    July 24, 2026
  • Singlimning noshar’iy o‘tadigan to‘yiga bormasligimga ota-onam ko‘nmayapti…

    July 23, 2026