Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Bu juda keng mavzu — qazo va qadar masalasi. Bu haqda Aqidatut-Tahoviyya darslarimizda ham, qadar haqidagi alohida ma’ruzalarimizda ham batafsil to‘xtalganmiz. Ayniqsa, siz tilga olgan o‘nta qoida o‘sha darslarda mufassal tushuntirilgan.
Siz aytgan ikki qoida haqdir:
- Alloh xohlamagan hech bir narsa sodir bo‘lmaydi.
- Allohning qilgan biror ishi hikmatsiz bo‘lmaydi.
Endi savol tug‘iladi: Agar Alloh xohlamasa, bu voqealar qanday sodir bo‘lyapti? Alloh nima uchun bunga yo‘l qo‘yyapti?
Bu yerda ehtiyot bo‘lish kerak. “Alloh nima uchun bunday qildi?” degan e’tiroz ohangidagi savol to‘g‘ri emas. Chunki avvalo e’tiqod qilganmizki, mulk Allohniki. U Zot O‘z mulkida O‘zi xohlaganini qiladi.
Shuningdek, biz yana shunga ham iymon keltiramizki, Allohning har bir ishi hikmat bilan bo‘ladi.
Agar: “Bu voqealarda qanday hikmat bor?” desangiz, javob shuki: hikmat bor, lekin uning barchasini biz bilishimiz shart emas.
Masalan, o‘sha shahid bo‘lib ketayotgan mo‘minlar haqida o‘ylaylik. Agar ular shahid bo‘lsalar, bu ular uchun ulkan martabadir. Shahidlik har kimga nasib bo‘ladigan maqom emas.
Shahid bo‘lish uchun esa sabab ham bo‘lishi kerak. Alloh taolo dunyoni sabablar bilan yaratgan. Mo‘min ham, kofir ham Allohning yaratgan bandalaridir.
Alloh taolo aytadi:
هُوَ ٱلَّذِى خَلَقَكُمْ فَمِنكُمْ كَافِرٌۭ وَمِنكُم مُّؤْمِنٌۭ ۚ وَٱللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ بَصِيرٌ ٢
U, sizlarni yaratgan Zotdir. Bas, ba’zilaringiz kofir va ba’zilaringiz mo`mindir. Alloh nima qilayotganingizni ko`rib turuvchidir.
Tag’obun surasi, 2-oyat
Yana aytadi:
كُلًّۭا نُّمِدُّ هَـٰٓؤُلَآءِ وَهَـٰٓؤُلَآءِ مِنْ عَطَآءِ رَبِّكَ ۚ وَمَا كَانَ عَطَآءُ رَبِّكَ مَحْظُورًا ٢٠
Barchalariga — mana bu (mo‘min)larga ham, anavi (kofir)larga ham Parvardigoringizning ne’matidan ato eturmiz. Parvardigoringizning ne’mati (hech kimdan) man’ qilinmas.
Isro surasi, 20-oyat
Demak, bu dunyo — imtihon. Dunyo imtihon bo‘lsa, unda musibat ham bo‘ladi, o‘lim ham bo‘ladi, sinov ham bo‘ladi.
G‘azzada shahid bo‘layotgan musulmonlar uchun bu rahmat bo‘lishi mumkin. Ammo bu voqealar biz uchun ham sinov.
Biz o‘zimizdan so‘rashimiz kerak:
Shuncha vaqt davomida bu ummat uchun nima qildim? Faqat xabarlarni tomosha qilib qo‘ydimmi yoki qo‘limdan kelgan yordamni qildimmi?
Bu faqat G‘azza bilan cheklanmaydi.
Hindistonda musulmonlar zulm ko‘rmoqda.
Markaziy Afrikada musulmonlar o‘ldirilmoqda.
Sudanda katta fojialar yuz berdi.
Sharqiy Turkistondagi musulmonlarning holati ham juda og‘ir.
Demak, bu butun ummat uchun sinovdir.
Yana bir narsani aytaman.
Ba’zi odamlar oilasi bilan G‘arb davlatlariga ko‘chib ketadi. Moddiy jihatdan yaxshi yashaydi. Uzun soqol qo‘ygan, ayoli niqobda, bolalari maktabda.
Lekin men aytamanki, ba’zan G‘azzadagi shahid bo‘lib ketgan mo‘minning holati, Alloh huzuridagi martabasi, dunyoda fitnalar ichida yashayotgan kishining holatidan afzal bo‘lishi mumkin.
Chunki mo‘min baribir bir kun vafot etadi. Muhimi — qanday holatda va qanday maqomda vafot etishi.
Ba’zan esa inson fitna ichida yashab, dini, oilasi va farzandlarini asta-sekin yo‘qotib qo‘yadi.
Shuning uchun voqealarga faqat dunyoviy mezon bilan emas, shariat ko‘zi bilan qarash kerak.
Biz iymon keltiramizki:
- Mulk Allohnikidir.
- Hamma narsa Allohning xohishi bilan sodir bo‘ladi.
- Allohning har bir ishida hikmat bor.
- Bu dunyo esa imtihon joyidir.
Bu voqealardagi hikmatlardan ayrimlari shular bo‘lishi mumkin:
- Ba’zi mo‘minlarni shahidlik martabasiga yetkazish.
- Qolgan musulmonlarni sinash.
- Zolimlarga gunohlarini yanada orttirish va oxiratdagi jazolariga sabab bo‘lish.
Bundan boshqa ham ko‘plab hikmatlar bor. Ularning barchasini faqat Alloh biladi.
Shuning uchun mo‘min har bir voqeaga shariat mezoni bilan qarashi, qazo va qadarga iymonini mustahkam qilishi va dunyoning asl mohiyati — imtihon ekanini unutmasligi kerak.
Vallohu a’lam.