Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Har xil >Qalbdagi hasadni qanday ketkazish mumkin?

Qalbdagi hasadni qanday ketkazish mumkin?

Nashr sanasi: January 2, 2026

Savol :

Ustoz, hozirda turmush qurgan ba’zi tolibi ilm opa-singillarimiz chet elda yashaydigan yigitlarga turmushga chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda yuzlarini ko‘rsatmasdan, turmush o‘rtoqlari bilan tushgan turli xil rasmlarni joylayaptilar.

Hali turmush qurmagan xotin-qizlar esa bularni ko‘rib, o‘zlariga ham shunday er nasib etishini orzu qiladilar. Ammo sharoiti bo‘lmagani sababli qalblariga xafalik va hasad kirib qolmoqda. Iltimos, qalbdagi bu illatlar bilan qanday kurashish kerakligini tushuntirib bersangiz va shu ishni qilayotgan opa-singillarimizga ham nasihat qilsangiz.

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Mulk ham, baxt-saodat ham Allohnikidir. U xohlagan bandasiga beradi. Shuning uchun kim ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini ko‘z-ko‘z qilib yursa — siz ko‘rmang. Shunda qalbingiz ham tinch bo‘ladi.

Bismillah,

Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.

Bu masalada, avvalo, shuni aytish kerakki, bunday ishlarni qilmaslikka nasihat qilamiz. Inson o‘zidagi ne’matlarni doimiy ravishda ko‘z-ko‘z qilib yurishi to‘g‘ri emas. Chunki hasad ham bor, ko‘z (nazar) ham bor. Ba’zan inson o‘z oilasiga zarar yetkazib qo‘yishi ham mumkin.

Ayrim ayollar qayerga borsa ham, eri bilan tushgan rasmlarini qo‘yaveradi: ovqat yeyaptimi, sayr qilyaptimi, o‘ynayaptimi — hammasi hammaga ma’lum bo‘lib turadi. Xursandchiligi ham, xafaligi ham, homiladorligi ham, hatto boshiga tushgan sinovlari ham ommaga chiqariladi. Bu darajada hayotni ochiq-oydin ko‘rsatib yurish aqlli va farosatli insonning ishi emas.

Endi buni ko‘rib qalbiga og‘irlik tushayotgan opa-singillarimizga kelsak:
inson Allohning qadariga rozi bo‘lishni o‘rganishi kerak. Kim qadarga rozi bo‘lsa, bunday narsalar unga kuchli ta’sir qilmaydi. To‘g‘ri, inson havas qilishi mumkin, “menga ham shunday bo‘lsa edi”, deb o‘ylashi tabiiy. Ammo bilish kerakki, har bir ne’matning kaliti Allohning qo‘lida. Alloh bersa, hech kim to‘sqinlik qila olmaydi.

Shuning uchun odamlar ne’matlarini ko‘rib, o‘zini qiynash o‘rniga:

  • ijtimoiy tarmoqlarda ularni kuzatmaslik,

  • keraksiz sahifalarga kirmaslik,

  • o‘z qalbini hasad va xafalikdan asrash kerak.

Axir, masalan, Facebook yoki boshqa tarmoqlarga umuman kirmasangiz ham hayot baribir davom etadi. Ko‘pchiligimiz telefon, ijtimoiy tarmoqlarsiz ham ulg‘ayganmiz, hayotimiz o‘tgan. Bu bugun ham mumkin.

Alloh taolo Qur’onda shunday deydi:

وَلَا تَمُدَّنَّ عَيْنَيْكَ إِلَىٰ مَا مَتَّعْنَا بِهِ أَزْوَاجًا مِّنْهُمْ زَهْرَةَ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا لِنَفْتِنَهُمْ فِيهِ ۚ وَرِزْقُ رَبِّكَ خَيْرٌ وَأَبْقَىٰ

“Ko‘zlaringni Biz ulardan ayrimlariga dunyo hayotining ziynati sifatida bergan narsalarga cho‘zma. Bu bilan Biz ularni sinaymiz. Robbingning rizqi esa yaxshiroq va boqiyroqdir.”

Toha 131 oyat

Bu oyat orqali mo‘minlarga boshqalarga berilgan ne’matlarga ko‘z tikib yashamaslik o‘rgatiladi. Chunki bunday qarashlar ko‘pincha fitna va qalb bezovtaligiga sabab bo‘ladi.

Shuning uchun mening nasihatim:

  • ko‘rmang — qiynalmaysiz,

  • qaramang — hasad ham kelmaydi.

Bu hayotda kimdir mashinada yuradi, kimdir piyoda. Kimdir farzandli, kimdir hali farzandsiz. Hech kimdan “ne’matingni ko‘rsatma” deb talab qilinmaydi, lekin inson o‘zi farosatli bo‘lib, boshqalarning qalbini hisobga olib yashashi yaxshi.

Eng muhimi, Alloh sizga ham juda ko‘p ne’matlar bergan. Ularni ko‘rishni, qadrlashni o‘rganing. Vaqtingizni:

  • Qur’on o‘qishga,

  • ilm olishga,

  • o‘zingizni rivojlantirishga,

  • Allohga yaqinlashishga sarflang.

Mulk ham, baxt-saodat ham Allohnikidir. U xohlagan bandasiga beradi. Shuning uchun kim ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini ko‘z-ko‘z qilib yursa — siz ko‘rmang. Shunda qalbingiz ham tinch bo‘ladi.

Vallohu a‘lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

1

  • Homilador holimda erim Rossiyaga olib ketmoqchi, itoat qilmasam bo‘ladimi?

    February 17, 2026
  • Erining so‘kishi va sansirashi yoqmaydigan ayolning savoli.

    February 17, 2026
  • Yoshi katta nomahram qarindosh ayollar bilan qanday ko‘rishish kerak?

    February 13, 2026
  • Muammolardan qutulish uchun Baqara surasini o‘qishning dalili bormi?

    February 13, 2026
  • “Vallohi” deb yolg‘on qasam ichish hukmi.

    February 13, 2026
  • Kundur hidiga jinlar kelmaydimi?

    February 13, 2026