Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Sadaqa faqat pul bilan bo‘lmaydi. Ayol kishining farzandlariga mehr bilan qarashi, erining xizmatini qilish, muloyim gapirish, birodariga kulib qarash, brovlarni ko’nglini ko’tarish – bularning barchasi sadaqa sanaladi.
Rasululloh ﷺ aytganlar:
“Yaxshi so‘z sadaqadir.”
“Birodarining yuziga kulib qarashing – sadaqadir.”
(Muslim, Tirmiziy)
Shuningdek, birovga jismoniy yordam berish, og‘irini yengillashtirish ham sadaqa bo‘ladi. Ya’ni sadaqa — biror yaxshilik qilish, yordam berish, ko‘ngil ko‘tarish ham bo‘lishi mumkin.
Agar er ayoliga “o‘zing tasarruf qilaver” deb bergan narsa (masalan, taqinchoq, kiyim, shaxsiy pul) bo‘lsa, ayol shu narsadan ixtiyoriy sadaqa qilishi mumkin. Bu uning o‘z mulki hisoblanadi.
Ammo shariatda ayolga: “Ishlab top, pul chiqarib sadaqa qil”, – degan majburiyat yo‘q. Ayolning asli vazifasi — uyda o‘tirib farzandiga, oilasiga xizmat qilish. Bu o‘zi Allohni rozi qiladigan katta ibodat.
Rasululloh ﷺning ba’zi ayollari (masalan, Zaynab binti Jahsh) teri oshlab, o‘z qo‘li bilan topgan narsadan sadaqa qilganlar. Rasululloh ﷺ buni maqtov bilan eslaganlar. Shuning uchun, ayol halol yo‘ldan biror narsani topib, Alloh yo‘lida bersa — bu ham go‘zal amal. Lekin bu shart emas.
Ayol uchun Allohga yaqin bo‘lish yo‘llari ochiq:
– Erini rozi qilish
– Farzandlarini tarbiyalash
– Uyni saqlash
– Namoz, Qur’on, zikr, tasbeh, duo va sabr
Bularning barchasi ayol uchun ajri ulkan bo‘lgan sadaqalar sanaladi.
Xulosa:
Ayol kishi ishlamasa ham, pul topmasa ham — sadaqa qilishning ko‘plab yo‘llari bor. Eng muhimi: niyat, sabr, xizmat va ibodatdir.
Vallohu a‘lam.