Bismillah, alhamdulillah, wassalatu wassalamu ‘ala Rasulillah, amma ba’d.
Avvalo, siz Alloh taolodan so‘rang. Foydali ilm, yaxshi zehn, mustahkam iroda va tavfiq so‘rang. Chunki bularsiz hech qanday yutuq bo‘lmaydi.
Ikkinchidan, siz yaxshi ustoz topishga harakat qiling. Agar inson yaxshi ustozga duch kelmasa, o‘qiyotgan narsasi ham o‘ziga yolchimasdan, yo‘lini topa olmay yuraveradi. O‘zi Imom Shofe’iy rahimahulloh aytganlaridek, ilm o‘rganish uchun oltita narsa jamlanishi kerak. Agar bu oltita shart bo‘lsa, ilm yuradi, ya’ni rivojlanadi.
Bu oltita omil quyidagilar:
Ilmga rag‘bat (qiziqish): Inson o‘zi ilmga qiziqmasa, uni o‘qitib bo‘lmaydi. Qiziqmagan odamni ilmga jalb qilish juda qiyin.
Zehn: Yaxshi idrok, tez anglash va yod olish qobiliyati zarur.
Sog‘lik: Sog‘lom tana – sog‘lom tafakkur demakdir.
Iqtisod: Moliyaviy barqarorlik – ilmga to‘liq berilish uchun kerak.
Yaxshi ustoz: Sizni to‘g‘ri yo‘naltira oladigan bilimli va tajribali ustoz.
Uzoq vaqt: Ilm bir kechada olinadigan narsa emas. Uzoq vaqt davomida sabr bilan shug‘ullanish kerak.
Lekin, haqiqatdan ham, agar siz uch-to‘rt yil sarflab hamon sarf va nahvdan nariga o‘tolmagan bo‘lsangiz, bu uzoq vaqt sanaladi. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, agar to‘g‘ri manhaj (uslub) bilan o‘qilsa, bir yarim yoki ikki yil ichida talabalar arab tilida o‘qiy oladigan darajaga yetadi. Kitoblarni mustaqil o‘qish, tarjima qilish va tushunish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Ammo bu uchun eng muhim omillardan biri – yaxshi ustoz topishdir. Siz o‘zingizga quyidagi savollarni bering:
Menda ilmga yetarli rag‘bat bormi?
Zehnim yaxshi ishlayaptimi?
Sog‘ligimda to‘sqinlik qiladigan muammo bormi?
Iqtisodim barqarormi?
Ustozim bormi yoki yo‘q?
Vaqtimni ilm uchun yetarlicha ajratayapmanmi?
Qaysi jihatlar sizda yetishmayotgan bo‘lsa, o‘shani aniqlang va shu yo‘nalishda chora ko‘ring. Ko‘pincha, yaxshi ustozga duch kelmaslik, boshqa jihatlaringiz bo‘lsa ham, sizni olg‘a yurishga to‘sqinlik qiladi.
Vallohu a’lam.