Bismillahir rohmanir rohiym. Vassalatu vassalamu ‘ala Rasulillah, amma ba’d.
Bunday holatda o‘rtaga bir biladigan, tajribali katta odamlar aralashishi kerak. O‘sha qizning otasi, amakilari, akalari — yaqinlari bilan gaplashing. Ular unga tushuntirishsin.
Bu holat, albatta, sizning o‘zingizga ham bog‘liq. Ayol kishining haqlarini ado qilish, uni xursand qilish, yaxshi muomala qilish muhim. Bu er-xotinlikda yaxshi yashashning asosidir. Rasululloh ﷺ ning sunnatlariga qarang: ular ayollari bilan qanday muomala qilganlar? Kechalar suhbatlashganlar, birga hazil-huzul qilganlar, hatto musobaqalashib yugurishganlar ham bo‘lgan.
Oysha onamiz bir kuni o‘yin-kulgini tomosha qilmoqchi bo‘lganlarida, Rasululloh ﷺ u kishi uchun turib berganlar. Oysha onamiz Rasululloh ﷺ ning yelkalariga yuzlarini qo‘yib, tomosha qilganlar. Rasululloh necha bor: “Bo‘ldimi?”, deb so‘raganlar, Oysha onamiz esa: “Yo‘q, hali emas”, deganlar. Oysha onamiz keyinchalik aytadilarki: “Vallohi, men o‘sha tomoshani ko‘rishga ehtiyoj sezmagan edim, faqat Rasululloh ﷺ ning huzurida qadrim qanchaligini boshqalarga ko‘rsatmoqchi edim.” Rasululloh ﷺ ning u yerda turib berganlari men uchun katta martaba bo‘lgan, deganlar.
Rasululloh ﷺ to‘qqizta xotin bilan hammasiga adolatli munosabatda bo‘lganlar. Siz hozir bitta ayol bilan yashayapsiz. Unda ham muomala va sabr muhim.
Erkak kishi “uylanish fiqhi”, “yashash fiqhi”ni o‘rganishi kerak. Rasululloh ﷺ ning ayollari bilan muomalalarini, siyratini o‘rganing, unga ergashing. Ana shunda totuvlik va baraka bo‘ladi. Siz ayolingizning haqlarini to‘la ado qilib, yaxshi yashashga harakat qilayotgan bo‘lsangiz-u, u yana turli holatlarga boraversa, bu bilan o‘ziga jabr qiladi. Siz esa sabrli bo‘ling.
Ko‘pincha homiladorlik davrida ayolda o‘tkinchi holatlar bo‘ladi — bu tajriba bilan isbotlangan narsa. Unga vaqt bering, unga ozgina bo‘lsa ham tinchlik bering. Otasiga, onasiga, qaynonangizga ayting. Ular tajribali bo‘ladi, tushunishadi. Ular ham qizining beva qolishini istamaydilar.
Shuning uchun: “Bolani tushuraman” kabi tahdidlar qilmasin, sabr qilsin. Vaqt o‘tishi bilan, insha Alloh, yaxshilikka qarab o‘zgaradi. Siz esa isloh uchun harakat qiling.
Alloh taolo O‘zi xohlaganidek hukm qiladi. Yaxshilik qayerda bo‘lsa, Alloh o‘sha yoqqa buradi. Siz esa o‘zingizga kerakli bo‘lgan vazifani bajaring. Yaxshisi — ayolingizning yaqinlari bilan holatni muhokama qilib, islohga harakat qiling. Insha Alloh, farzandingiz tufayli yana mehr-oqibat mustahkamlanadi.
Ko‘pincha ayollar homiladorlik vaqtida gormonal o‘zgarishlar, siqilishlar sababli eriga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lishi mumkin. Bu erkak kishi tomonidan tushunilishi kerak. Agar sabr qilsangiz, insha Alloh, vaqt o‘tishi bilan barchasi yaxshi bo‘ladi.
Vallohu a’lam.