Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Har xil >Bilmasdan shirk amallarini qilayotgan kishi mushrik bo‘ladimi?

Bilmasdan shirk amallarini qilayotgan kishi mushrik bo‘ladimi?

Nashr sanasi: May 11, 2025

Savol :

Ustoz, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam davrida yangi dinga kirgan kishilar, bilmay, Rasulullohga hurmat yuzasidan sajda qilganlari bo‘lgan ekan. Ular bu bilan mushrik bo‘lib ketmagan-ku.
Savolim shuki: bugungi kunda bilmay qabrga duo qilib, shirk amallarni qilayotgan kishilar bu ishning shirk ekanini bilmasligi ularga uzr bo‘la oladimi? Yoki bilsa ham, bilmasa ham mushrik bo‘ladimi?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Har bir noto‘g‘ri amal shirkga olib boravermaydi. Johillik (bilmaslik) uzr bo‘ladimi, yo‘qmi — bu masala aqida ilmidagi keng va murakkab masalalardan hisoblanadi. Johillik ikki xil bo‘ladi: Uzrli johillik – ya’ni, odam bilmasligi mumkin bo‘lgan narsa. Uzrsiz johillik – ya’ni, bilmasligi mumkin bo‘lmagan, bilishi shart bo‘lgan narsa. Har bir musulmonga farz bo‘lgan masalalarni bilmaslik uzr emas. Bular – tavhid, iymon, namoz, ro‘za, zakot, haj, ota-onaga xizmat, silai rahm, siddiq, vafo kabi masalalar. Bularni har bir musulmon bilishi shart. Odamlarga “Sen bilmasliging mumkin emas” deyish ham og‘ir masala. Chunki kimning holatini ich-ichidan faqat Alloh biladi. Shuning uchun ba’zi hollarda ulamolar ochiq kufr gaplarini aytganlarga ham “kofir” deb hukm qilmagan. Xulosa shuki, johillik har doim uzr bo‘lavermaydi. Kimga, qanday holatda, nimada johil bo‘lganiga qarab baholanadi. Vallohu a’lam.

Bismillahir rohmanir rohiym. Vassalatu vassalamu ‘ala Rasulillah. Amma ba’d.

Bu masala haqida Anas roziyallohu anhu Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilgan voqeani eslatib o‘tamiz. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Muozni Yamanga yuborgan edilar. Muoz Yamanda odamlarning o‘z ulug‘lariga sajda qilayotganini ko‘radi. U shundan ta’sirlanib, “Bu hurmat faqat Rasulullohga loyiq,” deb o‘ylaydi va qaytgach, Rasulullohga sajda qiladi. Rasululloh unga: “Yo‘q, odam odamga sajda qilishi mumkin emas. Agar mumkin bo‘lganida, xotinlarni erlariga sajda qilishlarini buyurgan bo‘lardim,” dedilar.

Demak, bu voqea shuni ko‘rsatadiki, har bir noto‘g‘ri amal shirkga olib boravermaydi. Johillik (bilmaslik) uzr bo‘ladimi, yo‘qmi — bu masala aqida ilmidagi keng va murakkab masalalardan hisoblanadi. Aqida darslarimizda bu masalani keng sharhlab berganmiz.

Johillik ikki xil bo‘ladi:

Uzrli johillik – ya’ni, odam bilmasligi mumkin bo‘lgan narsa.

Uzrsiz johillik – ya’ni, bilmasligi mumkin bo‘lmagan, bilishi shart bo‘lgan narsa.

Masalan, agar Madinada tug‘ilib o‘sgan, umr bo‘yi o‘sha yerda yashagan bir odam azonni tanimasa, “Azon nima edi, eshitmagan ekanman,” desa, bu gapini aqlli odam qabul qilmaydi. Ammo Norvegiyadan kelgan yangi musulmon azonni tanimasa, bu tushunarli bo‘ladi. Demak, bilmaslik ham holatga, sharoitga qarab baholanadi.

O‘ziga kerakli, har bir musulmonga farz bo‘lgan masalalarni bilmaslik uzr emas. Bular – tavhid, iymon, namoz, ro‘za, zakot, haj, ota-onaga xizmat, silai rahm, siddiq, vafo kabi masalalar. Bularni har bir musulmon bilishi shart.

Odamlarga “Sen bilmasliging mumkin emas” deyish ham og‘ir masala. Chunki kimning holatini ich-ichidan faqat Alloh biladi. Shuning uchun ba’zi hollarda ulamolar ochiq kufr gaplarini aytganlarga ham “kofir” deb hukm qilmagan. Masalan, mo‘tazililar Qur’onni maxluq deb aytgan, lekin Imom Ahmad ularni kofir deb hisoblamagan. Chunki ular o‘zlaricha ta’vil qilib, tushunmagan.

Shuning uchun odamni kofir deb chiqarishdan oldin uning holati, niyati, bilgan-bilmaganini chuqur tahlil qilish kerak. Bu esa ilmi, hikmati va sabr-bardoshi bo‘lgan olim kishining vazifasidir. Biz hammamiz kimdir jannatlikmi, do‘zaximi deb hukm chiqaradigan hakam emasmiz. Alloh huzurida har kim o‘z javobini beradi.

Xulosa shuki, johillik har doim uzr bo‘lavermaydi. Kimga, qanday holatda, nimada johil bo‘lganiga qarab baholanadi. Vallohu a’lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

0

  • Ustoz, turk ustozimdan eshitdim: og‘ir kasalga jamoaviy Yosin o‘qish — islomiy jihatdan to‘g‘rimi? Bu bid’atga kirmaydimi?

    June 4, 2025
  • Mahramsiz safarga chiqish shar’an joizmi?

    June 4, 2025
  • Namoz o‘qimaydigan odamga salom bermasa bo‘ladimi?

    June 4, 2025
  • Ovqatdan soch tolasi chiqishi va ovqat pishirgan kishini malomat qilishish haqida.

    June 4, 2025
  • Qaynota kelinga mahrammi? Uning oldida ro‘molsiz yurish va yolg‘iz qolish mumkinmi?

    June 3, 2025
  • Erkak kishi ayolining soliha dugonalaridan ajratishi joizmi?

    June 3, 2025