Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Har xil >Ayollarni urish, so‘kish va kamsitish haqida.

Ayollarni urish, so‘kish va kamsitish haqida.

Nashr sanasi: April 6, 2025

Savol :

Ustoz, xo‘jayinim haqoratli, faxrli so‘zlarni juda ko‘p aytib, dilimni og‘ritadi. Urib-tepkilashlarini-ku aytmay qo‘ya qolay. Qolgan oila a’zolari ham shunaqa. Oldinlari yig‘lab, “Bu so‘zlarni aytmang, Allohdan qo‘rqing,” derdim. Hozir esa, “Yo Alloh, shu so‘kishlarini zikrga aylantirib qo‘y,” deb tinmay duo qilaman. Biz tomonlardagi ayollarimizning ko‘pchiligi shunaqa holatda yashayapti. Erlarimiz qo‘shnisini ham, qo‘shnining xotinini ham uradi, so‘kadi. “O‘lib qoldimi xotini? Chidayapti-ku!” deb kulishadi. Shunday erkaklarga duo va nasihat qiling. Ayollarga shuncha zulm qilinmasin.

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Jamiyatimizda ayollarga nisbatan davom etayotgan zulm va jaholat ildizlari faqat din, ilm va tarbiya orqali yo‘q qilinadi.

Bismillah,

Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salavot va salomlar bo‘lsin.

Bu juda achinarli holat. Bu kabi masalalar haqida ko‘p gapiramiz. Afsuski, bizning ba’zi urflarimizda johiliyat davridan qolgan illatlar hali ham yashab turibdi. Ichkilik, behuda to‘ylar, ayollarga zulm qilish — bularning barchasi johiliyatning merosi. Hatto ba’zan er-xotin birga o‘tirib, aroq ichayotganini ko‘rganlar ham bo‘ladi. Vino ichib, o‘zini o‘rislarga o‘xshatish — bu johillik hayotining davomidir.

Ayollarga nisbatan qilinayotgan zulm ham mana shu johiliyat qoldiqlaridan biridir. Ammo, alhamdulillah, bugun haqiqatni anglayotgan, sunnatni o‘rganayotgan va Rasulullohga ergashayotganlar soni ortib bormoqda. Buning yagona yechimi — din. Din – bu zulmni tugatadigan, qalblarni poklaydigan yagona vositadir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga payg‘ambarlik berilganda, ayollarning holati undan ham og‘ir edi. Ayollar inson o‘rnida ko‘rilmas, ularga meros ham berilmas edi. Ba’zilar qiz tug‘ilsa, olib borib tiriklayin ko‘mardi. Shu qadar zulmli bir davrda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 23 yil davomida qanday jamiyat yasadilar? Bu — faqat din, ilm va tarbiya bilan bo‘ldi.

Ey opa-singillar, siz duo qilayotgan ekansiz — bu katta fazilat. Eringiz uchun, o‘zingiz uchun, farzandlaringiz uchun duo qiling. Namozingizda duo qiling. Alloh taolo duolarga javob beruvchi Zotdir. Alloh insof bersin, hidoyat bersin. Biz faqat duo qilamiz va Allohdan O‘zi hal qilishini so‘raymiz.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashish — bu baxt. Alloh taolo Qur’oni Karimda:

“Kim iymon keltirib, solih amal qilsa, albatta uni pokiza hayot bilan yashatamiz”, — deydi.

Pok hayot degani — oilada hurmat, mehr, tinchlik, ezgulik deganidir. Ayollarni haqoratlab, urib, tepib yashash bu hayot emas — bu johillik. “Qo‘shni xotinini urgani uchun men ham uraman,” deyish – bu zulmga zulm qo‘shishdir. Bu — baxtsizlik va ma’naviy halokatdir. Bu ishlar nafaqat dunyoda, balki oxiratda ham og‘ir oqibatlarga olib keladi.

Bolalar oldida ham bunday muomala yomon namuna. Erkak odam aqlli bo‘lishi, oxiratni o‘ylashi kerak. Bu dunyo abadiy emas. Hayot tugaydi. O‘lim har kimning oyog‘i ostida. Hech kimga “pensiyaga chiqib tavba qilasan” degan kafolat yo‘q. Ertalab turib, kechgacha yashashga ham hech kim kafolat bera olmaydi.

Shuning uchun har bir inson o‘limga tayyor holda yashashi, tavba qilib Allohga qaytishi kerak.

Alloh hammamizga insof va tavfiq bersin. Butun ummatimizni, xususan xalqimizni diniga chiroyli qaytarib, qalblariga hidoyat, oilalariga baraka bersin.
Allohumma amin.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

0

  • Ayol kishining WhatsApp va Telegram tarmoqlarida guruh ochib savdo qilishi.

    April 19, 2025
  • Zulqarnayn deb ism qo‘yish joizmi?

    April 19, 2025
  • Boylarning oldida o‘zini xor tutgan kishining dinining uchdan biri ketadi degan hadis bormi?

    April 19, 2025
  • Farzandlarga aliment olish joizmi?

    April 19, 2025
  • Sun’iy idrok (AI), din va musulmonlar

    April 17, 2025
  • Imkoniyatingiz bo’lsa ilm olish afzalmi yoki hojiboshilik?

    April 17, 2025