Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Ya’ni, “yolg‘onga qattiqman” degani — “qattiq yolg‘on gapiraman” degani bo‘lgan, siz tushunmagansiz xolos. To‘g‘ri aytibdi-ku: “yolg‘onga qattiqman”, ya’ni qattiq yolg‘on gapiraman, shu yo‘limda mahkam turaman, aldayman. Har qanday odamni, har qanday paytda aldayman, ustiga-ustak qasam ham ichib beraman, degani bo‘lgan.
Go‘yo: “Allohning nomi men uchun hech narsa emas, Allohning nomini bemalol yolg‘onga qo‘sha olaman”, degandek bo‘lgan. Siz o‘sha narsani tushunmagansiz. Endi bu narsa o‘ziga qiladi: yolg‘onni odam o‘ziga qiladi.
Rasululloh ﷺ aytganlarki, bir banda yolg‘on gapiraveradi, har gapida yolg‘onni qasd qilaveradi. Hatto oxiri Allohning huzurida u odam “kazzob” deb yozib qo‘yiladi. Kim xohlaydi shunaqa kazzob bo‘lishni? Allohning huzurida: “Bu kazzob, bu falonchi”, deb yozilishi — juda katta musibat. Allohning panohini so‘raymiz.
Endi hayotingizni bunaqa odam bilan davom ettirasizmi yoki yo‘qmi — bilmayman. Balki uning boshqa yaxshiliklari bordir: ehsoni bordir, oilasiga yaxshi qarashi bordir, muomalasi yaxshi bo‘lishi mumkin. Shu tomonlari ham bordir. Yoki bo‘lmasa, uning yolg‘oniga sabab sizning o‘zingiz bo‘lishingiz ham mumkin. Uni qasamiga tirab, burchakka tiqib qo‘ysangiz, qutulish uchun yolg‘on gapirayotgandir sizga.
Buni ham hisobga olish kerak. Bu narsa sizga bog‘liq joylari ham bo‘lishi mumkin. Men buni aniq bilmayman. Erkak kishi ayolini nega aldaydi, masalan? Odatda yolg‘onga ikki sabab bo‘ladi: biri muhtojlik, ikkinchisi qo‘rquv. Odam muhtoj bo‘lgani uchun yoki qo‘rqqani uchun yolg‘on gapiradi.
Hozir ko‘pincha erkaklar xotiniga nima uchun yolg‘on gapiradi? Qo‘rqadi: “Oilam buzilib ketmasin, bola-chaqam bilan ajralib ketmay”, deydi-da, xotinini rozi qilish uchun yolg‘on gapiradi. Endi ayol kishi uni har narsaga qasamiga tirab: “Qasam ich, bo‘lmasa”, “Qasam ich”, deb tursa, bilasizki, u yolg‘on qasam ichadi.
Yolg‘on qasamiga olib borib, bechorani nega gunohkor qilib qo‘yasiz? Shuning uchun qasamiga tiqmang, indamang. Ba’zan, hayotingiz qanaqa holatda ekanini bilmayman, lekin ko‘pincha shunday vaziyatlarda ayol kishi ham sababchi bo‘lib qoladi. “Qarsoq ikki qo‘ldan chiqadi”, deyishadi-ku.
Agar: “Yo‘q, bunda mening aybim yo‘q, u o‘zi shunaqa, boshqalarni ham aldaydigan yolg‘onchi odam”, desangiz — bu boshqa masala. Unday odam bilan yashash yoki yashamaslik sizning ixtiyoringizda. Agar yashagingiz kelmasa, bunday holatlarda xul‘ olish imkoniyati bo‘ladi.
Lekin: “Bu yolg‘onchi, menga taloq bersin”, deb aytolmaysiz. Chunki uning yolg‘oni — o‘zi bilan Allohning o‘rtasidagi masala. Shuning uchun foyda va zararni o‘zingiz solishtirib ko‘ring. Lekin bu: “Kimning eri yolg‘on gapirsa, darrov taloq so‘rasin, xul‘ olsin”, degan fatvo emas.
Oilani buzmaslik juda muhim. Hayotda eng og‘ir narsa — ro‘zg‘orning buzilishi. Bu ertaga sizning o‘zingizga ham qiyin bo‘ladi. Balki uning yaxshi tomonlari ham bordir: sizga qilgan yaxshiliklari, ehsonlari. Ko‘pincha yolg‘onchi odamlarning qo‘li ham ochiq bo‘ladi.
Shu tomonlarini ham hisobga olib, foyda-zararini solishtiring va shunga qarab qaror qiling.
Vallohu a’lam.