Bismillah, alhamdulillah, vassalatu vassalamu ‘ala Rasulillah. Amma ba’d.
Haqiqatan ham, bu juda keng tarqalib ketgan illatlardan biriga aylangan. Kishi: “Uyda emasdim”, “Shunaqa bo‘lib qoldi”, “Shu sababli qila olmadim” kabi yolg‘on gaplar bilan o‘zini oqlashga harakat qiladi. Ba’zan taqvodor deb o‘ylangan insonlar ham bu masalaga jiddiy e’tibor bermay qolishadi.
Rasululloh ﷺ aytganlar:
“‘Alaykum bissidq’, ya’ni: ‘Sizlar rostgo‘ylikni lozim tutinglar.’
Kishi rost gapiraveradi, har bir gapida rostlikni niyat qiladi, toki Alloh taoloning huzurida “siddiq” — chin rostgo‘y deb yoziladi.
Yana Rasululloh ﷺ aytdilar:
“Iyyakum val-kazib, fa innal-kaziba yahdī ilal-fujūr, val-fujūru yahdī ilan-nār.”
Ya’ni: “Yolg‘ondan saqlaninglar, albatta yolg‘on buzuqlikka yetaklaydi, buzuqlik esa do‘zaxga olib boradi.”
Kishi doim yolg‘on gapira boshlaydi, yolg‘onni niyat qilib aytaveradi, toki Alloh huzurida “kazzob” — yolg‘onchi deb yozib qo‘yiladi.
Shuning uchun, inson har bir so‘zida rostgo‘y bo‘lishga o‘rganishi kerak. Inson bir marta rost gapirib siddiq bo‘lib qolmaydi yoki bir marta yolg‘on gapirib darrov kazzob bo‘lib qolmaydi. Ammo bu odatga aylanib boradi va oxir-oqibat inson rostgo‘y bo‘lishi yoki yolg‘onchi bo‘lib ketishi mumkin.
Bu juda muhim eslatma — hammamiz uchun. Ba’zi odamlar: “Xotinni aldasayam bo‘ladi”, “Dushmanni aldash joiz”, “Haqqimni olish uchun hiyla qilayapman” deb, yolg‘onni oqlashga urinishadi. Ammo oxir-oqibat u odam butunlay yolg‘onchi bo‘lib qoladi.
Oddiy savdo-sotiqlarda, pulli muomalalarda ham ko‘pincha aldaydi, ustama qo‘shadi, faktlarni yashiradi. Bu harom bo‘ladi. Topgan puli harom bo‘ladi. Agar u pulni bolasiga yedirsa — harom yedirgan bo‘ladi. O‘zi iste’mol qilsa — harom luqma bilan tanasi oziqlanadi.
Bunday inson qayerga boradi? Nimani ko‘paytiradi? Qanday baraka kutadi?
Shuning uchun, har bir mo‘min imkon qadar taqvoga intilib, siddiq — rostgo‘y bo‘lishga harakat qilishi lozim.
Rasululloh ﷺ aytganlar: “As-sidqu munjiy” — Rostgo‘ylik najot keltiradi.
Kim rostgo‘y bo‘lsa, Alloh Subhanahu va Ta’ala unga yaxshilik va najot yo‘llarini ko‘rsatadi.
Vallohu a’lam.