Allohdan so‘rash kerak. Bunday holatlarda Allohga yuzlanib, namoz o‘qib, duo qilish lozim. Alloh taolo inson tasavvur qilmagan joydan yo‘l ochib beradi. Alloh taolo aytadi:
“Lahu maqolīdu as-samāvāti val-ard” — Osmonlar va yerlarning kalitlari Uning qo‘lidadir.
Baxt kaliti ham Alloh qo‘lida, boylik kaliti ham, izzat, shon-sharaf ham Alloh qo‘lida. Bularning barchasini Alloh hal qiladi. Alloh Subhanahu va Taolo — Robbul ‘Ālamīn, Mulkning Egasi, butun olamlar Parvardigori.
Alloh barcha mavjudotni yo‘qdan bor qilib, ularga hayot berdi. Bugun bizda bor bo‘lgan har bir ne’mat — ko‘zimiz, qulog‘imiz, oyoq va qo‘l harakati, tilimiz — barchasi Allohdan. Alloh harakat bermasa, inson gapira olmaydi, ko‘ra olmaydi, eshita olmaydi.
Inson bir lahzada ko‘zidan, aqlidan, eshitishidan ayrilishi mumkin. Nechta ko‘zi ojiz, necha maznun (aqlsiz) kishilar bor. Ularning holatini ham Alloh boshqarib turadi. Alloh bermasa, insonda hech narsa bo‘lmaydi. “Lā ḥawla wa lā quwwata illā billāh” — kuch-quvvat faqat Allohdan.
Har bir holatimiz — harakatdan to ovqat yeb, uni hazm qilishimizgacha — Allohning qudratida. Alloh Qur’onda inson o‘z taomini, yaratilishini ko‘rib o‘rganishini buyuradi.
Shu yerga suv qanday keldi? U qanday osmondan tushdi? Bog‘lar, ekinlar — barchasi inson va chorva uchun Alloh yaratgan ne’matlar.
Uylanish, qamoqdan najot topish, shifo topish — bu kabi holatlar ham Alloh qo‘lidadir. Men bu mavzuda ko‘proq to‘xtalyapman, chunki biz asosiy sababni — Allohni — unutib, ikkinchi darajali narsalarga berilib qolamiz.
Salaflardan, xususan, Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan naql qilingan:
“Men bir ish bitishini xohlasam, o‘sha ish uchun duo qilishga ilhom bo‘lishini so‘rayman. Agar duo qilishga Alloh ilhom bersa, demak, ishim bitdi deb bilaman”,
– degan ekanlar.
Ya’ni inson bir narsaga duo qilishga muvaffaq bo‘lsa, bilingki, u ishi hal bo‘ladi. Biz esa sabablarnigina izlaymiz, ammo Alloh bilan bog‘lanishni unutamiz.
Lekin harakat qilish ham kerak. Alloh bilan bog‘lanib, sabablarga ham yopishish lozim. Alloh hakim Zot: inson istagan narsasidan ham yaxshirog‘ini ato qiladi.
Gap esa — Alloh taqdiriga rozi bo‘lishda. Kimki Allohning berganiga rozi bo‘lsa, masalalar hal bo‘ladi.
Xullas, sizga aytadigan nasihatim: Allohdan so‘rang. Alloh — qalblarni o‘zgartiruvchi Zot. Harakatdan to‘xtamang. Chin yurakdan harakat qilgan inson, istaganiga Allohning izni bilan yetadi.
Ba’zilar zahid shaxsdan:
“Bu qadar g‘ayratni qayerdan oldingiz?”
– deb so‘rashganida:
“Chumolidan o‘rgandim”,
– deb javob bergan. U bir donni ko‘tarib, bir necha bor harakat qilib, to‘xtamay, oxiri o‘sha joydan o‘tkazib ketgan ekan. Shundan angladim: inson harakat qilsa, Alloh beradi.
Hayot mana shunday: harakat qilamiz, Allohga ishonamiz. Nima bo‘lsa ham, Alloh taqdir qilgan narsa biz uchun yaxshidir. Vallohu a’lam.