Bismillahir rohmanir rohiym. Vassalatu vassalamu ‘ala Rasulillah.
Bu narsa sunnatga xilof, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hidoyatlariga teskari ishdir. Buni hamma biladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytganlar: “Men go‘zal xulqlarning to‘liq namunalarini ko‘rsatish uchun yuborildim.”
Demak, bu dinimiz — axloqdan iborat. Axloqsiz odamning dini to‘liq bo‘lmaydi. Ya’ni, dini komil emas deganidir. Bunday odamda johiliyat alomatlari bo‘ladi.
Abu Zar roziyallohu anhu bir kuni Bilol roziyallohu anhuni onasi bilan haqoratlab, “qora ayolning bolasi” deb aytadi. Shunda Bilol Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga shikoyat qiladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sen uni onasi bilan haqorat qildingmi? Albatta, sendagi bu xulq — jahiliyatdan,” dedilar.
Shundan keyin Abu Zar qattiq ta’sirlanib, yig‘lab: “Ey Rasululloh, shuncha yil Islomda yashab, haliyam johilmanmi? Haliyam johiliyat xulqim bormi?” degan ekanlar.
Demak, kimki fahsh so‘zlarni gapirsa, so‘kinib gapirsa, bilingki, u odamda johiliyat xulqi bor. Bu holatdan qutulmasa, bu yomon xulq ichki olov kabi avj oladi — xashak ichidagi cho‘g‘ kabi. U kattalashadi, atrofdagilarga ta’sir qiladi, ularni yoqadi. Bu — Islom xulqiga zid narsa. Bu ish odamlarni bezor qiladi, Alloh subhanahu va taolo esa bunday ishlarni yoqtirmaydi.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytganlar:
“Innalloha la yuhibbul fahsh va la tafahhush.”
“Albatta, Alloh fahshni ham, fahsh so‘zlarni gapirishni ham yoqtirmaydi.”
Fahsh ishlar ham, fahsh so‘zlar ham Alloh tomonidan harom qilingan. Bu ishlar Alloh yoqtirmaydigan amallardan. Bu gunohli xatti-harakatlardan qutilish uchun inson o‘zini tarbiya qilishi kerak.
Mana shu gapning o‘zi yetarli bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Kim johiliyat xulqi bilan yurishga rozi bo‘ladi? Musulmon kishi esa bunday johiliyat xulqlaridan qutulishga harakat qiladi, albatta.
Biz uchun eng chiroyli namuna — bu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdir. U zotning har bir holatida biz uchun ibrat bor:
“Laqad kâna lakum fî rasûlillâhi usvatun hasana.”
“Albatta, sizlar uchun Rasulullohda chiroyli ibrat bordir.”
Shuning uchun o‘zimizga Rasulullohni andoza qilib, ularga ergashishimiz kerak. So‘kinish, odamlarni ayblab, ularga og‘ir gaplar aytish, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda ochiqchasiga so‘kinish — bu musulmon odamning xulqi emas. Bu holatlar Alloh subhanahu va taoloning roziligi bo‘lmagan ishlar bo‘lib, johiliyat xulqining borligidan dalolat beradi.
Shu sababli inson bu xulqlardan qanchalik erta qutulsa, shunchalik yaxshi. Chunki bu — Alloh yoqtirmaydigan ish, johiliyat alomati.
Bundan qutulishning yo‘li — Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga ergashishdir. Til so‘kinishga o‘rganib qolgan bo‘lsa, asta-sekin o‘zini tarbiyalash kerak. Aqlli odam har narsaga o‘rgana oladi — yumshoqlikka, yaxshi muomalaga ham.
Tilni so‘kinishga o‘rgatsa, odam so‘kinchoq bo‘lib qoladi. Qo‘lni urishga o‘rgatsa, qo‘li tez “ishlab” ketadi — xotiniga, farzandiga qo‘l ko‘taradi. Tili “yugurdek” bo‘lib qoladi, darrov og‘ir gap aytib yuboradi.
Ammo inson o‘ziga tarbiya bilan, sabr bilan yondashsa, vaqt o‘tishi bilan tuzaladi, insha Alloh.
Vallohu a’lam.