Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Bu juda keng savol. Tushuntirishga ko’p vaqt kerak bo’ladi. Qisqacha aytganda, musulmonlar o’rtasida birlik muhim. Shaxslar atrofida guruhlashib, “men falonchining odamiman, sen pismadonchisan” deb bir-biriga yovqarash qilish – bu harom. Hatto mazhab masalasida ham urushish – johiliyat hididir.
Abu Hanifa, Shofi’iy, Ahmad va Malikiylar – to’rtta mo’tabar mazhab. Kimdir birini, boshqasi ikkinchisini tanlasa – bu ixtilof urushga aylansa, katta fojiadir. Alloh Qur’onda aytadi:
وَلَا تَنَـٰزَعُوا۟ فَتَفْشَلُوا۟ وَتَذْهَبَ رِيحُكُمْ
“Talashmanglar. Aks holda kuch-quvvatingiz ketadi.” (Al-Anfal, 46)
Erkinlik va bir-birimizni tushunish zarur. Ertaklarda aytilganidek, bitta cho‘pni sindirish oson, lekin dastani sindirib bo‘lmaydi. Agar biz bir bo‘lsak, yahudiylar hozirgi ishlarni qila olmas edi. Hindistonda, Afrikada, Sudanda musulmonlarning qonini to’kishyapti. Bularning sababi – bizning zaifligimiz, tarqoqligimiz.
Shuning uchun, agar birlikni saqlash uchun mustahab ishni tark qilish zarur bo‘lsa, bu tark qilish o‘rinli bo‘ladi. Bu odamlar uchun emas, ummat osoyishtaligi uchun bo‘ladi. Masalan, kimdir masjidda jahriy “omin” desa, yonidagi birov musht tushiradi, imom esa namozni buzib qarab turadi. Bu holatda hamma xato qiladi. Siz “omin” deganingiz xato, musht tushirgan odam xato, imom – eng katta xato.
Imom tushuntirishi kerak edi: “Bu amal Shofi’iyda bor, Hanafiyda yo‘q. Iltimos, sabrli bo‘linglar.” Biroq imom bu o‘rniga namozni buzib, fitnani kuchaytiradi. Bu esa birlikka rahna soladi. Kimgadir musht tushirish uchun kuchi yetadigan odam, nega Allohni haqorat qilayotgan kofirga qarshi chiqmaydi? Nega nasoroga qarshi urush e’lon qilmaydi, faqat birodariga kuchi yetadi?
Bu holatda “omin”ni aytmaslik, birovdan qo‘rqib emas – aql va maslahat bilan qilingan ishdir. Ibn Taymiyya rahimahulloh aytganlar: “Ba’zida mustahabni tark qilish – mustahab yoki vojib bo‘ladi.”
Rasululloh ﷺ ham fitna chiqmasligi uchun ba’zi mustahab amallarni tark qilganlar. Masalan, munofiqlarni o‘ldirmaganlar. Nega? Chunki odamlar “Muhammad ashoblarini o‘ldiryapti” deb noto‘g‘ri tushunib, fitna chiqishi mumkin edi. Ka’bani qayta qurish haqida niyat qilganlar, lekin Quraysh bu ishni to‘g‘ri tushunmaydi deb uni ham tark qilganlar.
Demak, bu ishlar odamlar uchun emas, ummat uchun qilingan. Bugun musulmonlar bir masjidda turib, raful-yadayn qilganini uradi. Shofiyiy mazhabidagi ayolga Hanafiy mazhabidagi erkak uylana oladimi degan savol bilan tortishyapti. Nasorodan ayol olsa bo’ladi deyishadi, lekin Shofiyiydan qiz olish mumkin emas deyishadi. Bu johillik va savodsizlikdan.
Shariatning maqsadini tushunish kerak. Islomning bag‘rikengligini anglash kerak. Har bir joyda har bir amal o‘z o‘rnida bo‘ladi. Birovni haqorat qilmasdan, ahli ilmga yuzlanish kerak. To‘rtta mazhab haq deb tan olingan bo‘lsa, har biriga amal qilgan odamni ham haq deb tan olish lozim.
Masjidda birga turgan ikki musulmon urushsa, bu dushmanning foydasiga xizmat qiladi. Din dushmanlari bizni bir-birimizga qarshi qo‘yadi. Millatchilik, firqachilik orqali bizni bo‘lib tashlaydi.
Haramda namoz o‘qiyotganingizda hanbaliy imomga iqtido qilasiz. U yerda hech kim birovni urmaydi, birovning barmog‘ini sindirmaydi. Kim raful-yadayn qiladi, kim qilmaydi – ish yo‘q. Mana asl bag‘rikenglik.
Shunday bo‘lsa-da, biz ba’zi joylarda ixtilofli masalani ko‘tarsak, urush bo‘ladi. Demak, hikmat bilan ish tutish kerak. Har bir narsa o‘z o‘rnida aytiladi, tushuntiriladi. Xalq ahmoq emas, tushunishga qodir. Lekin imomlar tushuntirish o‘rniga, odamlar orasida ixtilof chiqarib, birini ikkinchisiga qarshi qo‘yadi.
Natijada, din dushmanlari foydalanadi. Biz esa bir-birimiz bilan urushib, dushmanga xizmat qilamiz. Alloh bizga hikmatli so‘z va amal qilishni nasib qilsin. Ixtilofdan yiroq, birlikdan yaqin bo‘laylik.
Allohdan tavfiq so‘raymiz.