Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Shubhali narsalardagi vasatiylik degani — bu faqat “o‘rtacha yo‘lni ushlash” degani emas, balki eng to‘g‘ri va shariatga eng mos keladigan yo‘lni tanlash deganidir. Chunki aslida vasat (وسط) arab tilida “o‘rta” degani bilan birga, “eng yaxshi” degan ma’noni ham beradi. Qur’onda ham Alloh musulmonlarni “ummatan wasatan”, ya’ni eng yaxshi, adolatli ummat deb ta’riflagan (Baqara, 143).
Demak, vasatiylik degani — shariat nimani buyurgan bo‘lsa, shu mezonga qat’iy amal qilish, na kam, na ko‘p qilish. Masalan, to‘rt rakatlik farz namozni kimdir ikki yoki olti rakat qilib o‘qisa, vasatiylik bo‘lmaydi. To‘rt rakat o‘qish vasatiylik bo‘ladi, chunki bu — shariatning o‘zi ko‘rsatgan yo‘l.
Hadisda kelganidek: “Jannatni Allohdan so‘rasangiz, Firdavsni so‘rang. Chunki u jannatning eng yuqori va eng yaxshi qismidir.” (Buxoriy) — bu hadisda “vasat” kalimasi “eng yaxshi” ma’nosida ishlatilgan.
Shariatdagi vasatiylik — bu ifrot (haddan oshish) va tafrit (loqaydlik) o‘rtasida emas, balki Alloh va Rasulining ko‘rsatmasini aniq bajarishdir.
- Ifrot — ya’ni haddan oshish — shariatda ko‘rsatilmagan qo‘shimchalarni kiritish, o‘zini shariatdan aqlliroq ko‘rish.
- Tafrit — loqaydlik, dangasalik, buyruqni yetarlicha bajarmaslik.
Ikkalasi ham xatodir, lekin g‘uluv (haddan oshish) ko‘proq xavfli, chunki u insonni o‘z fikrini shariatdan ustun qo‘yishga olib keladi. Bu esa tavba qilishni og‘irlashtiradi. Tafrit esa ba’zan qaytishga yaqinroq bo‘lishi mumkin.
Masalan, ayollarga shariat yengillik bergan: hayz, nifos paytida namozlar soqit, jamoatga chiqish, juma, jihod farz emas. Bu vasatiylikdir, tenglik emas. Hozirgi ba’zi tushunchalarda ayol va erkakni mutlaq teng qilishni vasatiylik deb bilish noto‘g‘ri. Shariatda ayol va erkak huquqlari o‘z o‘rnida, adolat bilan ajratilgan.
Xullas, vasatiylik — bu Alloh aytganini aynan bajara olish, undan oshmaslik (g‘uluv), ortda qolmaslik (tafrit). Eng to‘g‘ri mezon — shariatning o‘zidir.
Vallohu a‘lam.