Bismillahir rohmanir rohiym. Vassalatu vassalamu ‘ala Rasulillahi, amma ba’d.
Bu oyatlarda aytilgan gaplar, Samud qavmi yoki boshqa qadimgi qavmlarga qaratilgan tanbehlar hisoblanadi. U yerda aytiladi: “Sizlar har bir baland tepalikda behuda o‘ynab, qasrlar quraverasizlarmi?”
Ya’ni ular har joyda, faqat bezak uchun, man-mansirash uchun katta qasrlar qurishgan. Agar kim bilandir kelisholmay qolishsa, haddidan oshib, ularni zulm bilan jazolab, qattiq tajovuz qilganlar. Payg‘ambar esa ularni ana shunday ishlaridan ogohlantirgan.
Bugungi kunda ham xuddi shunday holatlarni ko‘rish mumkin. Faqat masonlarda emas, ba’zida musulmonlarda ham. Masalan, odamlarning qilayotgan ishlari, sarflanayotgan pullar yo‘nalishiga qaralsa, xuddi o‘sha qavmlarning amallariga o‘xshash jihatlarni ko‘rish mumkin.
Payg‘ambarlarning yo‘li esa oxiratga qaratilgan bo‘ladi. Bu dunyoni obod qilish kerak bo‘lsa, foydali va zarur bo‘lgan holatda obod qilinadi. Masalan, kasalxona qurmoqchi bo‘lsak, uni pishiq, mustahkam, uzoq yillarga chidamli qilib qurish yaxshi ish hisoblanadi.
Masjid qurilsa, baland, havodor, ko‘rkam qilib, odamlarning ko‘nglini ochadigan tarzda qurish ham yaxshi. Bular muboh ishlar, lekin bu ishlarda haddan oshmaslik kerak. Oyatda aytilganidek, “tabaseun” — ya’ni behuda, hech qanday zarurat bo‘lmagan holda, musobaqa qilish, o‘yin-kulgi uchun yoki kimdan o‘zib ketish maqsadida bino qurish, isrof hisoblanadi.
Ba’zi joylarda, tepaliklarda toshlarni o‘yib qasrlar qilganlar, bu ularning yashash ehtiyoji uchun emas, faqat bezak va man-mansirash uchun bo‘lgan. Bu esa isrof hisoblanadi.
Ammo zarurat bo‘lsa, u holda bu isrofga kirmaydi. Masalan, uy qurilsa, baland bo‘lsa ham, mustahkam va pishiq bo‘lsa, yomg‘ir, zilzila kabi tabiiy ofatlardan himoya qilsa — bu foydali hisoblanadi.
Yaqinda Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila paytida bir yapon mutaxassisi aytgan: “Odamlar o‘zlari zilzilada o‘lmaydi, balki ularni uy bosib qoladi.”
Men ham o‘sha zilzila joylarini ko‘rdim. Ba’zi shirkatlarning qurilgan uylari birorta ham qulamagan. 250 ta xonadonli joy to‘kilib ketgan, lekin ba’zi uylar esa butun qolgan. Kechasi uxlayotgan odamlar to‘lig‘icha halok bo‘lgan. Shuning uchun mustahkam qurilish foydalidir, isrofga kirmaydi.
Xuddi shunday, minadigan mashina ham ehtiyojga yarasha yaxshi bo‘lsa, bu ham isrof emas. Rasululloh (s.a.v.) ham eng yaxshi tuyaga minganlar.
Demak, uy bo‘ladimi, masjid bo‘ladimi, yo‘llar bo‘ladimi — pishiq va mustahkam bo‘lishi kerak. Bu foydali, zarur narsalardir. Ammo oyatda tanbeh qilingan holat — bu behuda, manmansirash uchun, ehtiyojdan tashqari qilingan ishlardir.
O‘sha qavmlar bu sohada haddidan oshgan edilar. Bugungi zamonaviy masonlarni ham o‘shanday deyish mumkin — ular ham har tomonlama haddidan oshgan.
Vallohu a’lam.