Bismillah, alhamdulillah, vassolatu vassalamu ‘ala Rasulillah, amma ba’d.
Haqqatan ham bu juda ayanchli holat. Bugun bu holatni ko‘z o‘ngimizda ko‘rib turibmiz. Birodarlar orasida pul oldi-berdisida yolg‘on qasamlar ichilmoqda, birovning haqqi ko‘ziga cho‘p tiqilgandek tortib olinmoqda, haqqini bermay yurish holatlari, zulm, fujur ishlarga qo‘l urish, hattoki birodarlik da’vosida bo‘lganlar orasida bir-birini sotib ketish holatlari kuzatilmoqda.
Bularning sababi qalb qorayganidadir. Inson uzoq vaqt ne’mat ichida yashasa-yu, ilm ahliga yaqin bo‘lib, lekin ilm o‘rganmasa, qalbida fitna paydo bo‘ladi.
Ha, biz ana shunday holatdamiz. Ahli ilmlar bilan birga bo‘lsak ham, ilm o‘rganmay, dunyo ortidan quvib yashayapmiz. Pul esa qo‘limizda ma’siyatlarga sabab bo‘lmoqda: g‘iybat, birovni masxara qilish, haqqini yeyish oddiy holga aylanib qoldi.
Alloh asrasin! Bu holat qalb ustini chang bosib, zang bosganidek holatdir. Alloh taolo aytadi:
“Kallā, bal rāna ‘alā qulūbihim mā kānū yaksibūn.”
Ya’ni, ularning kasb qilgan gunohlari qalblarini zanglatib qo‘ydi.
Hozir ham aynan shunday holatni ko‘ryapmiz: birodarlar orasida yiroqlashish, bir-birini yomon ko‘rish, fitna. Bularning barchasi Allohdan uzoqlashganimizning belgisi. Alloh taolo aytadi:
“Innamal mu’minūna ikhwa.”
Ya’ni, mo‘minlar aka-ukadirlar.
Demak, mo‘minlar aka-uka bo‘lolmayapti, bu esa ularning iymonida muammo borligini bildiradi. Alloh: “Ey mo‘minlar, aka-uka bo‘linglar,” demadi. “Mo‘minlar bo‘ldimi, ular aka-uka bo‘ladi,” dedi. Agar aka-uka bo‘lolmayapti, demak, u iymonida nuqson bor.
Shuning uchun iymonimizni isloh qilishimiz kerak. Alloh bilan o‘zaro munosabatimizni to‘g‘rilashimiz kerak. Birodarlik — bu iymon bilan bog‘liq masala.
Agar birodarlar orasida kelishmovchilik, yomon ko‘rish, fisq va fujur bo‘lsa, bilingki, bu odamlarning iymonida muammo bor. Qalbni qoplagan qorong‘ulikni ketkazish, tavba qilish, salohiyat yo‘liga qaytish zarur.
Afsuski, biz bu holatda g‘aflatdamiz. Dunyoga berilib ketganmiz. Pul orqasidan quvib, pulni ibodat darajasiga olib chiqyapmiz. Do‘stlik ham, dushmanlik ham pul uchun bo‘lib qoldi. Hatto ba’zilar pul uchun yolg‘on qasam ichyapti.
Bu Alloh Subhanahu va Taoloni qadrlamaslikdir. Alloh taolo aytadi:
“Wa mā qadarullāha haqqa qadrihi.”
Ya’ni, ular Allohni haqiqatda qadrlamadilar.
Nahotki mo‘min kishi pul uchun Alloh nomi bilan yolg‘on qasam ichsa? Bu Allohdan qo‘rqmaydigan odamdir. O‘zini o‘zi aldab, “keyin Allohni rozi qilib olaman,” deb o‘ylaydi. Bu — shaytonning yo‘li!
O‘sha paytdagi harom ishga ko‘z yumib, keyinchalik Allohni rozi qilish ilinjida yurish — bu xato yo‘l. Allohning g‘azabi bu dunyoda ham, oxiratda ham halokat keltiradi.
Alloh asrasin! Bunday fojiali holatlarga guvoh bo‘lyapmiz. O‘zimizni ham, boshqalarni ham taqvoga chaqiramiz. Birodarlikni mustahkamlash, bir-birimizni yaxshi ko‘rish — bu iymondandir.
Rasululloh ﷺ aytdilar:
“Kishi o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham xohlamaguncha, iymon keltirgan bo‘lmaydi.”
Demak, hozirgi holatlar iymon zaifligidan, Allohdan uzoqlashganimizdandir. Birodarlik — bu o‘ta muhim masala, lekin undan ham muhimrog‘i — iymon.
Iymondagi kamchiliklar hayotimizning turli sohalarida — oila, pul, sheriklik, xotin olish kabi holatlarda namoyon bo‘ladi. Masalan, kimdir ikkinchi xotin olganda yoki pul masalasida do‘stini sotganda, aynan o‘sha joylarda iymonining zaifligi bilinadi.
Bu holat shlankada bosim kuchayganda eng zaif joyidan yorilgani kabi, bizning iymonimizdagi zaif joylar ham sinovlarda yuzaga chiqadi. Rasululloh ﷺ ortidan yurgan zamondoshlar orasida ham sinov paytida munofiqlik belgilari ko‘ringan.
Alloh taolo insonlarni albatta sinovga soladi. O‘sha sinov paytida kimning iymoni kuchli, kimniki zaif — bilinadi.
Xulosa shuki, hozirgi kunda birodarlikdagi muammolarning sababi — iymonimizdagi kamchilikdir.
Iymonimizni isloh qilishimiz kerak. Yaqinda hammamiz Allohga qaytamiz. Alloh bizga ochiq yuz, salomat qalb bilan Uning huzuriga borishni nasib qilsin.
Allohumma Omin.