Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Rashk — Alloh inson tabiatiga bergan bir g‘ariza (tug‘ma sifat). Rashksiz bo‘lmaydi. Ayniqsa ayollarda rashk tabiiy bo‘lgan narsa. Yosh bolalarda ham ko‘rasiz, biri ikkinchisiga qiziqqanida rashk qiladi. Demak, bu Alloh yaratgan tabiiy tuyg‘u.
Lekin shu tuyg‘uni to‘g‘ri yo‘naltirish kerak. Rashkni butunlay yo‘qotib bo‘lmaydi. Agar Alloh taolodan yordam so‘ralsa, rashk inson uchun foydali yo‘nalishga buriladi. Ya’ni, Alloh sizni rashkingizni shariatga muvofiq qilib qo‘yadi. Masalan:
Rashk umuman bo‘lmasa, bu ham yaxshi emas. Chunki diniga rashki bo‘lmagan odam oxir-oqibat dayus bo‘lib qoladi. Rasululloh ﷺ aytganlar: “Dayus — xotinini fahsh ishlarda ko‘rsa ham befarq bo‘lgan odamdir.” (Nasoiy, Ahmad). Demak, rashk kerak, lekin uni to‘g‘ri yo‘naltirish zarur.
Rasululloh ﷺ Sa’d ibn ‘Ubodaga nisbatan shunday misol keltirganlar. Sahobalar Sa’dning rashkini aytib, hatto “u xotinini fahsh ustida ko‘rsa, o‘ldiraman der edi”, deyishganda, Rasululloh ﷺ: “Men Sa’ddan ham rashkliroqman, Alloh esa mendan ham rashkliroqdir. Shuning uchun Alloh fahshning oshkor va yashirinini ham harom qildi”, deganlar (Buxoriy, Muslim).
Shuning uchun rashk bor narsa, ammo uni shariatga bo‘ysundirish kerak.
Ummu Salama onamiz Rasululloh ﷺ ga uylanishdan oldin shunday deganlar:
“Ey Rasululloh, men sizga mos bo‘lolmayman. Birinchidan rashkim yomon, ikkinchidan yoshim katta, uchinchidan farzandlarim bor.”
Shunda Rasululloh ﷺ: “Rashkingni Allohga duo qilaman, Alloh uni ketkazadi. Yoshing katta bo‘lsa, mening ham yoshim katta. Farzandlaring mening farzandlarimdir”, deb ularni ko‘nglini ko‘targanlar va nikoh qilganlar.
Demak, rashkni ketkazishning eng kuchli yo‘li — Allohga duo qilish. Rashkni yo‘qotish shart emas, lekin to‘g‘ri yo‘nalishda bo‘lishini so‘rash kerak.
Rasululloh ﷺ yana aytganlar: “Hech bir musulmon ayol o‘z din-singlisidan eri bilan ajrashishini talab qilmasin. U faqat o‘zi uchun ortiqroq narsani olishni xohlamasin. Alloh taolo unga taqdir qilgan narsasi baribir o‘ziga keladi.” (Buxoriy, Muslim).
Ya’ni ayollar kundoshini ketishini xohlab o‘z nasibasini ko‘paytirmaydi. Rizqni beruvchi Allohdir. Agar turmushdagi rizq to‘rt ayol bilan bo‘linadigan bo‘lsa ham, Alloh baraka bersa, nasiba ko‘payib ketadi. Ba’zida esa, aksincha, xotinlar ko‘payganda ham, baraka bilan hammasiga yetadi. Chunki rizqni er emas, Alloh beradi.
Shuning uchun rashkni din yo‘lida ishlating:
-
Zino, fahsh va fahshni targ‘ib qiluvchilarga qarshi rashk qiling,
-
O‘z oilangizni, farzandlaringizni, nomusingizni asrashda rashk qiling,
-
Kundoshingiz ilm olishini to‘sib qo‘ymang, balki siz uchun ham savob bo‘ladi.
Allohdan duo qilingki, rashkingiz sizni gunohga emas, balki savobga boshlasin.
Vallohu a‘lam.