Bismillah, alhamdulillah, vassalatu vassalam ‘ala rasulillahi va ba’d.
Bu narsa o‘zi tortishuvli masala. Har qurbonlik kelganda shu savol beriladi. Vallohu a’lam, javoblar xilma-xil bo‘lgan. Bizning javobimiz — vallohu a’lam — joiz deb bilamiz.
Masalan, siz bilan sotuvchi kelishib oldingiz: qo‘y necha pul? Siz aytasiz: “Buni kilosiga, go‘shtiga shunchadan pul beraman”. Bo‘ldi-da, qo‘y sizning zimmangizga o‘tdimi? Bo‘ldi. “Mumkin emas” deganlar: qo‘y hali sizga o‘tmasdan so‘yilgan bo‘lib qoladi, deydi. Qanday qilib o‘tmaydi? Axir qo‘y sizga o‘tgan bo‘ladi.
Pul noaniq emas, balki aniq bo‘ladi. Masalan, “kilosiga 50 dan yoki 100 dan beraman” desangiz, bu allaqachon ma’lum bo‘ladi. Odamlar bu usulni noaniqlik bo‘lmasin deb qiladilar. Chunki zarar ko‘rib qolmaslik uchun, sotuvchi ham, xaridor ham xotirjam bo‘lishi uchun shunday qilishadi. Shuning uchun, vallohu a’lam, agar kelishib: “So‘yaman, so‘ygan go‘shtiga shunchadan pul beraman” desa, shunga ochiq kelishsa va mojaro-janjalning oldi olinsa, bizning nazarimizda bu joiz. Lekin ba’zi ulamolar buni mumkin emas deb aytganlar.
Shuni omonat uchun aytib qo‘yamiz: buni mumkin emas deganlar ham bo‘lgan. Sababi: “Bu noaniq narsaga qurilyapti”, degan. Chunki hali so‘yilmagan, keyin mojaro chiqib qolishi mumkin. Qurbonlik Alloh uchun so‘yilganidan keyin, ertasi kuni “Men olmayman”, desa, nima bo‘ladi? Bu shart emas. Chunki bir marta so‘yildimi — qaytarib bo‘lmaydi. U tirik jon edi, o‘ldirilgach qaytarilmaydi. Shuning uchun, rozi-rizochilik va tiniq shartlar bilan bo‘lsa, birovning haqqini yeyish bo‘lmaydi.
Masalan: “Qarzga qurbonlik olib so‘ysa bo‘ladimi?” degan savolga kelsak, bo‘ladi. Masalan, men bordim, qo‘yingizni savdo qildim, “shu qo‘y shuncha pul” dedik, lekin men: “Pulini ikki oydan keyin beraman, hozir esa qo‘y meniki bo‘lsin, qurbonlik qilmoqchiman” desam, va u rozi bo‘lsa, bo‘ldi — uni qurbonlikka so‘yish mumkin. Chunki bu qarz hisoblanadi.
Faqat, “narxi noaniq bo‘lib qoladi-ku?” degan savol tug‘iladi. Lekin bu noaniq emas. Masalan, hozir so‘ydik, chiqdi 30 kg go‘sht. Uni 50 ga ko‘paytiramiz, chiqadi 15000. Demak, narxi ma’lum bo‘ladi.
Vallohu a’lam, bu masala tortishuvli. Har yili shu savollar qayta-qayta beriladi. Bizning javobimiz shu: agar oldindan kelishib olib, keyin so‘yib, keyin go‘shtini hisoblab pulini bersa bo‘ladi. To‘g‘risini esa Alloh biladi.