Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Yo‘q, bu noto‘g‘ri tushuncha. Rasululloh ﷺ qo‘lni silkitganlari rivoyatlarda kelgan. Buxoriyda kelgan hadisda Maymuna onamiz (roziyallohu anho) aytadilar: Rasululloh ﷺ tahorat qilib keldilar. Men ularga sochiq tutdim, olmadilar. Shunda qo‘llarini silkib, suvini qoqib tashladilar, deb rivoyat qiladilar. Demak, qo‘lni silkitish aslida bor.
Lekin bizda “silkima” deyilishining sababi boshqa. Ya’ni qo‘lni yuvib kelib, ovqat ustiga, dasturxondagi taomlar tomon silkitib yuborish odobsizlik hisoblanadi. Suv tomchilari ovqatga yoki boshqalarning oldidagi narsalarga sachrasa, odamlarning ko‘ngli sovib qoladi, yegisi kelmay qoladi. Bu odob-axloq va tarbiyaga to‘g‘ri kelmaydi.
Ammo hech kimga zarar yetkazmaydigan joyda, masalan chetga chiqib yoki yon tomonda qo‘lni yuvib, suvini qoqib tashlashda hech qanday muammo yo‘q. Bu masalada “kofirlarning ishi”, “bunday bo‘lsa gunoh”, degan gaplar din nomidan noto‘g‘ri tarqalib ketgan tushunchalardir.
Rasululloh ﷺ o‘zlari silkitganlar, lekin bu degani har joyda, har holatda silkitib yurish degani emas. Ayniqsa dasturxon ustida, mehmonlar oldida qo‘lni yuvib kelib, suvini atrofga sachratish to‘g‘ri emas. Ba’zi joylarda, xususan arablarda, shunday holatlarni ko‘rish mumkin: ovqat ustida qo‘l yuvib, qo‘lini silkitib yuboradi, suv hamma tomonga sachraydi. Bu esa boshqalarda jirkanish hissini uyg‘otadi.
Bizning dinimiz odamlarni jirkanishiga sabab bo‘ladigan ishlardan qaytaradi. Ovqatlanishda ham odoblarga rioya qilish shuning uchun buyurilgan: birovning oldidan ovqat olmaslik, chalpillatib yemaslik, og‘izdagi narsani qo‘l bilan chiqarib qo‘ymaslik, so‘lagi tekkan qo‘l bilan boshqalarga non uzatmaslik va hokazo. Bunday ishlar odamning ko‘nglini sovitadi.
Xullas, qo‘lni silkitishning o‘zi harom emas. Lekin u ham odob bilan, boshqalarga zarar yetkazmaydigan tarzda bo‘lishi kerak. Bu masala ham odob-axloq doirasiga kiradi. Allohu a’lam.