Bismillah, alhamdulilloh va salatu vasselamu ala ro’sulillahi va ba’d.Bunday fikr — ya’ni odam o‘ziga ataylab qiyinchilik tilashi kerak degan tushuncha — to‘g‘ri emas. Qiyinchilikni Allohdan so‘rab olinmaydi. Aslida inson Alloh taolodan tinchlik, salomatlik, farovonlik va ofiyat so‘rashi kerak.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doim Allohdan sog‘liq, xotirjamlik va omonlik tilaganlar. Demak, biz ham duolarimizda Allohdan ne’mat va yengillik so‘rashimiz lozim.
Sizning aytayotganingiz esa — ne’matni qadrlash zarurati haqida. Bu juda to‘g‘ri fikr. Yaxshi sharoitda ulg‘aygan farzand ham hayotni tushunishi, unga mas’uliyat bilan qarashi kerak. Buning uchun uni ataylab qiynamaslik, balki ongini, dunyoqarashini to‘g‘rilash lozim.
Yaxshi tarbiya shunday bo‘ladiki, farzandga mavjud imkoniyatlar beriladi, lekin ayni paytda unga ne’matning qadriga yetish, uni isrof qilmaslik, Allohning roziligiga mos ishlatish o‘rgatiladi. Tushuncha, tarbiya va ong — bular hal qiluvchi omillar.
Odam o‘ziga qiyinchilik tilab, o‘zi bilan o‘zi urushib yashasa, bu o‘ziga zulm qilgan bo‘ladi. Qur’onda Saba’ qavmi misol keltiriladi: Alloh ularni ne’matlar bilan siyladi. Ular esa bu ne’matdan zerikib, o‘zlariga mashaqqat so‘rashdi. Oxirida o‘zlariga o‘zlari zulm qilib, ne’matdan mahrum bo‘lishdi.
Demak, muammo ne’matda emas, uni qanday qabul qilishda. Ne’matda bo‘lgan inson shukr qilib, uni Alloh yo‘lida ishlatishni o‘rganishi kerak. Chunki:
“Agar sen biror ne’matda bo‘lsang, uning rioyasini qil, zero ma’siyatlar ne’matni ketkazadi.”
Agar Alloh sizga mol-dunyo, salomatlik yoki yaxshi hayot bergan bo‘lsa, sizdan kutilgan narsa — bu ne’matni isrof qilmay, undan to‘g‘ri foydalanish, uni Alloh yo‘lida sarflashdir. Tushunchasiz ne’mat esa insonni yo‘ldan ozdiradi.
Tarbiya masalasida esa, ilgari xalifalarning bolalari uchun muaddiblar tayinlanar edi. Ular bolalarni Qur’on, hadis, siyosat, jismoniy tarbiya bilan birgalikda har tomonlama tarbiyalashgan. Natijada jamiyatga foydali, aqlan va jismonan barkamol, sog‘lom avlod yetishgan.
Bugun ham shunday yondashuv kerak: imkon berish, lekin nazorat va yo‘naltirishni unutmaslik.
Qisqasi, insonning o‘sishida farovonlik yomon emas. Muhimi — tushuncha va maqsad. Farzandga sharoit berish — u noto‘g‘ri odam bo‘lib chiqadi degani emas. Agar u Allohni tanisa, dinini bilsa, hayot mazmunini tushunsa, nafaqat boylikda, balki kambag‘allikda ham halol, to‘g‘ri, pokiza yashaydi.
Farzandlaringizni Allohga sodiq, jamiyatga foydali, sabrli va shukrli inson qilib tarbiyalashga harakat qiling. Allohdan ular uchun yaxshi niyatlar qiling. Bergan ne’matni shukr bilan Alloh yo‘lida sarflang.
Vallohu a’lam.