Bismillah, alhamdulillah, vassalatu vassalamu ‘ala Rasulillah, amma ba’d.
Bu hadisi sharifda “Qalbida zarra miqdorcha kibr bo‘lgan odam jannatga kirmaydi” deb aytilgan. Kibr – iymonga zid bo‘lgan, insonni halokatga yetaklaydigan og‘ir illatdir. Bu kabi hadislar “vahid nusus” deb ataladi. Ya’ni, unda gunohning oqibati haqida ogohlantiriladi. Masalan, “qotil do‘zaxiy bo‘ladi” deyilganidek. Lekin bu “qotil albatta do‘zaxda qoladi” degani emas.
Alloh istasa, tavbani qabul qiladi. Inson qilgan solih amallari, unga kelgan musibatlar, boshqalarning duolari, janoza namozi, qabrdagi holatlar, mahshardagi vaziyat, Sirotdan o‘tishdagi holatlari, Allohning mag‘firati yoki shafoatchilarning shafoati kishi gunohlarini yuvib yuborishi mumkin. Shuning uchun, birgina nususga qarab, “bo‘ldi, bu odam do‘zaxiy” deb hukm chiqarish – noto‘g‘ri. Bu – xavorijlarning yo‘li. Ular mana shu jihatdan adashganlar.
Aynan savolda aytilgan hadis – “Qalbida zarra miqdor kibr bor odam jannatga kirmaydi” – degani u kishi doimiy do‘zaxiy degani emas. Bu holat uning jannatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kira olmasligiga sabab bo‘ladi. Ya’ni, agar inson qalbidagi o‘sha kichik kibri ustida ishlamasa, u tobora kattalashib, qalbni qoraytiradi. Natijada inson kofirlik yoki nifoq yo‘liga tushib, do‘zaxga kirib ketishi hech gap emas.
Kibrni shunday tasvirlash mumkinki – go‘yo quruq xashak orasiga tushgan bitta cho‘g‘dek. U cho‘g‘ har qanday paytda butun g‘aramni yoqib yuborishi mumkin. Illo, agar yomg‘ir yog‘ib o‘chirmasa, yoki kimdir ustini bosib, o‘chirib qo‘ymasa. Qalbdagi kibr ham xuddi shunday. Alloh taolo kimga hidoyat bersa, u tavba qilib, kibridan voz kechadi. Ba’zilar sinovlar, musibatlar orqali bu illatdan qutuladi. Masalan, boy odam mulkidan ajralib qoladi, yoki bir jiddiy kasallik bilan sinaladi – natijada muloyim bo‘lib, tavba qiladi. Bu – Allohning marhamati.
Shunday odamlar ko‘pki, bir hodisadan so‘ng kibridan qaytadi, sinadi. Kimdir qamalib qoladi-yu, qamoqdan yaxshi inson bo‘lib chiqadi. Bu Allohning fazli.
Haqiqatda, savol bergan kishining ta’rifi juda o‘rinli. Bugungi kunda, Alloh rahm qilgan insonlar mustasno, aksar odamlarda kibr bor. Payg‘ambar alayhissalom kibrni shunday ta’riflaganlar: “Kibr – odamlarni mensimaslik va haqqa bo‘ysunmaslikdir.”
Bu ikkala xususiyat bugun juda ko‘p odamlarda bor. Haq gap kelsa, uni qabul qilmaydi. Urf-odatini, millatini, izzatini haqqa ustun qo‘yadi. Ba’zilar aytgan gapidan qaytolmaydi, “xato qilibman” deya olmaydi. Bular – kibrning belgilaridir.
Shuning uchun, doimiy ravishda qalbimizni isloh qilishga harakat qilishimiz kerak. Biz qalb darslarimizda ta’kidlaganimizdek, qalb kasalliklarining eng yomonlaridan biri va boshchisi – kibrdir. Hasad, g‘azab, adovat, ko‘rolmaslik, gina-kudurat – bularning barchasi kibrdan kelib chiqadi.
Ularning ildizida esa birgina illat yotadi: “Men”, “Meniki bo‘lsin”, “Men yaxshiman” degan manmanlik.
Vallohu a’lam.