Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Kufr davlatida yashash masalasiga to‘xtalsak, bu juda muhim va og‘ir masala. Agar Yevropa kabi g‘arb davlatlarini nazarda tutsangiz, men “yashamanglar” deyman. Ishlash uchun borib kelsa bo‘ladi, lekin farzandlar bilan birga yashash katta musibatdir. Er ishlasin, pul topsin, tezda qaytsin.
Chunki bola o‘qish yoshiga yetib, u yerda ta’lim olsa, bu katta ofat bo‘ladi. U topgan pulingizdan ham foyda ko‘rmay qolishingiz mumkin. Farzandlarning aqidasi, iymoni va tarbiyasi puldan muhimroqdir. Ko‘p ulamolar bu masalada qat’iy fikr bildirganlar. Masalan, Shayx Ibn Baz rahimahulloh, Shayx Husayn rahimahulloh kabi ulamolar musulmonlarga “kufr diyorida yashamanglar” deb keskin fatvo berganlar.
Ba’zi odamlar “Men soqol qo‘yib yuryapman, ayolim niqobda yuribdi, bu yerda musulmonlikni ochiq tutyapmiz” deydi. Lekin bu – aldanish. Chunki bola tarbiyasi qo‘lingizdan chiqib ketadi. 7–10 yildan keyin farzandingizni ham, hatto xotiningizni ham tanimay qolishingiz mumkin. Muhit insonni o‘zgartiradi.
Men ko‘p misollarni ko‘rdim. Masalan, Germaniyaga ketgan turklardan ko‘pining qizlari nemislarga turmushga chiqib ketmoqda. Ota ularga tushuntira olmaydi. Bu zino, bu dinni tark etish. Lekin bola ota so‘zini qabul qilmaydi. Shunday hollarda butun oilalar yo‘q bo‘lib ketmoqda.
Yana bir misol: Shveysariyada bir libiyalik aytib bergan edi: “Men ishladim, katta mashina oldim, villa qurdim. Lekin farzandlarimni yo‘qotdim. Endi menda boylik bor, ammo bola yo‘q. Bu dunyoda odam nega yashaydi? Farzandlari uchun yashaydi. Ular esa qo‘ldan ketdi”, dedi.
Demak, muhitning ta’siri juda katta. Siz pul topib qaytsangiz ham foyda bermaydi, agar farzandlaringiz iymonidan ayrilsa. Shuning uchun men bu masalada keskin qarordaman: iloji boricha bormang, yashamang. Agar ish, tijorat yoki ilm uchun qisqa muddatli bo‘lsa, boring, lekin tez qayting. Lekin farzandlar bilan yashash uchun emas.
Musulmon diyorida yashang. Ha, musulmon diyori qiyin bo‘lishi mumkin, lekin mahallada, maktabda, qo‘shnilaringiz orasida musulmonlar bo‘lsa, farzandlar musulmon bolalari bilan o‘ynab ulg‘ayadi. Bu siz uchun eng katta ne’mat.
Shuning uchun mening javobim aniq: musulmon diyori tanlansin. Qanchalik qiyinchilik bo‘lmasin, sabr qilinsa ham, u yerda farzandlar iymonini asrash mumkin. G‘arb davlatlarida esa iymon va tarbiyani saqlash juda og‘ir.
Vallohu a’lam.