Bismillah, alhamdulillah, vassalatu vassalam ‘ala rasulillahi va ba’d.
Agar bu ish, ya’ni mehmonxonaning butun faoliyati faqat shundan iborat bo‘lsa, ishchi gunohkor bo‘ladi. Bunday joyda ishlamaslik kerak. Lekin bir-ikki marta, tasodifan shunday hollar bo‘lib qolsa, u odam er-xotinmi yoki yo‘qmi bilmasligi mumkin. Yoki ehtimolda zino qilayotgandek tuyulishi mumkin, lekin mehmonxonaning umumiy faoliyati bunday ishga qaratilmagan bo‘lsa, ishchi gunohkor bo‘lmaydi.
Agar ichida shunday voqealar bo‘lib qolsa, bu ishchi bilan Alloh orasida bo‘ladi. Ya’ni tasodifiy ravishda bo‘lib qolgan ish bilan umumiy faoliyatning farqi juda katta. Masalan, taksichi odamni olib ketadi. Odamning cho‘ntagida ikki shisha aroq bo‘lsa, yoki setkasida aroq olib yursa, taksichi uni olib borgan bo‘ladi, aroq tashigan hisoblanmaydi. Chunki u odamni tashidi, ichidagi ma’siyati o‘sha odamga tegishli.
Lekin agar u odam taksichiga: “Mana, bir yashik aroqni falon joyga olib borib qo‘y”, desa va taksichi uni olib borsa — bu holda u aroq tashigan hisoblanadi.
Ulamolar bu haqda bir qoida aytadilar: “Ma la yajuzu istiqlālan yajuzu tab’an” — ya’ni mustaqil ravishda joiz bo‘lmagan narsa, tobiy ravishda (ya’ni qo‘shimcha tarzda) bo‘lib qolsa, kechiriladi.
Xuddi shunga o‘xshash: agar bir joyning asosiy faoliyati zinoga qaratilgan bo‘lsa — masalan, fohishaxona — bunday joyda ishlash joiz emas, chunki bu ochiqdan-ochiq ma’siyatga yordam berishdir. Ammo oddiy mehmonxona bo‘lib, ichida ba’zan shunday ma’siyat sodir bo‘lib qolsa, bu holat ishchining kasbini harom qilmaydi. Vallohu a’lam.
Fuqaholar bunga misol keltiradilar: agar siz olma yesangiz va ichida qurt chiqib qolsa, bilmasdan qurtni ham yeb yuborsangiz, zarar qilmaydi. Ammo qurtlarni alohida yig‘ib olib yeb qo‘ysangiz, bu harom bo‘ladi. Demak, mustaqil holatda mumkin bo‘lmagan narsa tasodifiy tarzda qo‘shilib qolsa, kechiriladi.
Shuning uchun, agar mehmonxonaning butun faoliyati zinoga qaratilgan bo‘lsa, unda ishlash joiz emas. Ammo oddiy xizmat mehmonxonasida ba’zan shunday holat ro‘y berib qolsa, bu ishchi uchun gunoh hisoblanmaydi. Alloh taolo Qur’onda: “Gunoh va ma’siyatda yordamchi bo‘lmanglar” deb marhamat qiladi. Vallohu a’lam.