Bir yarim oycha avval biz tarafdagi ba’zi maktablarda farzandlarga “ota-onalar qattiqqo‘l” degan iddao bilan kichik yurish tashkil qildilar. Yosh maktab o‘quvchilari ko‘chaga chiqib, ota-onalarga qarshi shiorlar aytishdi. Men bu yurish maqsadini bilib, farzandimni chiqarmadim. Telegram’dagi onalar guruhida ham ogohlantirdim: “Bu yurishlar bolalarni zaharlaydi, ota-onaga qarshi qilib tarbiyalaydi” deb.
Bir ona esa: “Yo‘q, ularni jiddiy qilmang, bolalar o‘ynab-kulib qaytib kelishdi, nima qilganini bilishmadi”, dedi. O‘qituvchi esa: “Hozir ota-onalar qattiq tursa, bolalar o‘zini o‘ldirishgacha borayapti, bizning maqsadimiz shuni oldini olish edi”, deb javob berdi. Men aytdim: “Agar maktab shunday tarbiya qilsa, bolalar ota-onamiz bizga qattiq gapirishga haqqi yo‘q ekan, deb qoladi-ku. Bu bizning yurtda yot g‘oya, biz alhamdulillah musulmonmiz”, dedim. Afsuski, gapimni na onalar, na o‘qituvchi inobatga olmadi. Iltimos, ota-onalarga shu haqida nasihat qilsangiz, shoyad bu xatarni tushunishsa.