Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Har xil >Juma namozining shartlari

Juma namozining shartlari

Nashr sanasi: June 1, 2025

Savol :

Ustoz, ishxonamizda 500-600 kishi juma namozini birgalikda o‘qiymiz. Tashqaridan odam kira olmaydi, faqat ishchilar o‘qiydi. Ba’zi birodarlar bu yerda juma namozining shartlari topilmaydi degan shubha bilan jumaning boshqa joyda o‘qilishini afzal ko‘rishmoqda. Ishxonada o‘qigan juma namozimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Juma namozining shartlaridan biri — jamoat sharti. Yana bir shart — “izn al-‘am”, ya’ni hammaga ochiq, umumiy ruxsat berilgan joy bo‘lishi lozim. Lekin bu aytib o‘tilgan shartlar qat’iy ravishda Rasululloh ﷺ tomonidan belgilanmagan. Shuning uchun juma kuni bo‘lsa, jamoat bo‘lsa, imom bo‘lsa va juma o‘qiladigan maxsus ajratilgan joy ham mavjud bo’lsa, unda juma o‘qilishi mumkin.

Bu masalada, ya’ni juma namozining yopiq joyda o‘qilishi borasida, fiqh ulamolari orasida ixtilof bor. Ularning aytgan shartlari — ehtiyotkorlik uchun keltirilgan shartlardir. Bu borada Rasululloh ﷺ dan ochiq-oydin, qat’iy bir nasl (dalil) kelmagan. Masalan, tahoratning shartlari aniq: tahoratsiz namoz bo‘lmaydi. Shuningdek, qiblaga yuzlanish, vaqti kirgan bo‘lishi — bularning har biri qat’iy dalil bilan sobit.

Juma namozining ham shartlari sanab o‘tilgan. Ulardan biri — jamoat sharti. Yana bir shart — “izn al-‘am”, ya’ni hammaga ochiq, umumiy ruxsat berilgan joy bo‘lishi lozim. Shuningdek, juma namozi vali (hokim) yoki uning vakili tomonidan o‘qilishi kerak, shaharda bo‘lishi kerak, degan shartlar ham ba’zi ulamolar tomonidan ilgari surilgan.

Ulamolarning ayrimlari juma namozining masjidda bo‘lishi shartligini aytgan bo‘lsa, boshqalari bunday shartni shart deb hisoblamaydi. Ular aytadiki, agar jamoat mavjud bo‘lsa, ochiq joyda — masalan, bir maydonda bo‘lsa ham — juma o‘qilishi mumkin. Hayit namozini o‘qigandek, juma ham shu tarzda o‘qilishi mumkin. Boshqa ulamolar esa “yo‘q, albatta masjid bo‘lishi kerak”, deyishadi.

Hozir ishxonalarda 500-600 kishi birgalikda juma o‘qiyapti. Bu kichik jamoat emas — bu katta jamoatdir. Bu ishxonada juma o‘qiladigan maxsus ajratilgan joy ham mavjud. Agar bu joyni masjidga o‘xshagan joy deb e’tiborga olsak, unda juma o‘qilishi mumkin.

Bu yerda yana bir masala — joyning yopiq bo‘lishi. Ya’ni, juma o‘qiladigan joy hammaga ochiq emas, faqat ishchilar kiradi. “Ochiq bo‘lishi kerak, xohlagan odam kirishi kerak” degan shart ham Rasululloh ﷺ dan aniq, qat’iy dalil bilan kelmagan. Bu — ijtihodiy masala.

Shu bois, agar ehtiyoj bo‘lsa, va juma jamoat bilan, tahoratli holda, o‘z vaqtida o‘qilayotgan bo‘lsa — bu Imom Ahmad rahmatulloh alayhning mazhablaridan birida juma bo‘ladi deb qabul qilingan.

Bugungi holatga qarab aytsak, bu masalada odamlarni qiyinchilikka solish kerak emas. Ochiq hadis bo‘lmaganidan keyin, bu yerda “jumangiz to‘g‘ri emas, peshin o‘qishingiz kerak” deyish juda og‘ir mas’uliyatli gap bo‘ladi.

Agar juma kuni bo‘lsa, jamoat bo‘lsa, imom bo‘lsa — insha Alloh, bu juma deb umid qilinadi. Chunki yuqorida aytib o‘tilgan shartlar qat’iy ravishda Rasululloh ﷺ tomonidan belgilanmagan, balki ulamolarning ehtiyotkorlik bilan qilgan ijtihodlari asosida ilgari surilgan.

Tabiiyki, ijtihodiy masalalarda ixtilof bo‘ladi. Boshqa ulamolar “bo‘ladi” deydi, ba’zilari “bo‘lmaydi” deydi. Ammo shariat maqsadlari va hozirgi kundagi voqelikdan kelib chiqib qaraganda, bu kabi joylarda juma namozining o‘qilishi joiz deb aytilgan.

Vallohu a’lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

0

  • Ovqatdan soch tolasi chiqishi va ovqat pishirgan kishini malomat qilishish haqida.

    June 4, 2025
  • Qaynota kelinga mahrammi? Uning oldida ro‘molsiz yurish va yolg‘iz qolish mumkinmi?

    June 3, 2025
  • Erkak kishi ayolining soliha dugonalaridan ajratishi joizmi?

    June 3, 2025
  • Angliya fuqaroligini olish shar’an joizmi?

    June 2, 2025
  • Spirtli ichimlik bor joyga borish joizmi?

    June 2, 2025
  • Ayol kishi o‘zini farzand ko‘rmaydigan qilib jarrohlik amaliyoti qildirishiga shar’an ruxsat bormi?

    June 2, 2025